Xotin-qizlarni tadbirkorlikka jalb etish bo‘yicha navbatdagi amaliy qadam
2026-04-03 15:00:00 / Yangiliklar

Mamlakatimizda ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarni qo‘llab-quvvatlash, xotin-qizlarning bandligini ta’minlash hamda ularning tadbirkorlik tashabbuslarini rag‘batlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Bu borada manzilli ishlar olib borilib, xotin-qizlarning iste’dod va salohiyatidan kelib chiqib, ularni tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb etish yo‘lga qo‘yilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi mablag‘lari hisobidan amalga oshirilayotgan subsidiya dasturi doirasida yana bir muhim tashabbus hayotga tatbiq etildi.
Xususan, “Yuksalish” umummilliy harakati Qashqadaryo viloyati hududiy bo‘linmasi tomonidan Kasbi tumani Oila va xotin-qizlar bo‘limi tavsiyasiga asosan tumandagi ijtimoiy himoyaga muhtoj, tadbirkorlik qilish istagida bo‘lgan xotin-qizlarga tikuv mashinalari topshirildi.
Mazkur amaliy yordam xotin-qizlarning o‘zini o‘zi band qilishiga, oilaviy daromadni oshirishga hamda ularning jamiyatdagi ijtimoiy faolligini kuchaytirishga xizmat qiladi.

