Kasbi tumani hokimi To‘xtamurod Meyliyevning tuman aholisiga murojaati
2026-05-20 11:05:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Muhtaram Prezidentimiz ta’kidlaganlaridek, yoshlar — mamlakatimizning tayanchi, ertangi kunimizning hal qiluvchi kuchidir. Shu bois ularning sog‘lom va barkamol bo‘lib ulg‘ayishi barchamizning eng ustuvor vazifamiz bo‘lib qolmoqda.
Bugun jamiyatimiz uchun eng jiddiy xavflardan biriga aylangan giyohvandlik illatiga qarshi keskin va murosasiz kurashish vaqti keldi. Ayniqsa, internet va ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqalayotgan sintetik giyohvand moddalar yoshlar ongi va kelajagiga jiddiy tahdid solmoqda.
Buyuk tabib Abu Ali ibn Sino inson salomatligi va ma’naviy poklikni hayotning eng oliy ne’mati sifatida e’tirof etgan. Bugungi kunda turli ko‘rinishda tarqalayotgan zaharli illatlar ana shu qadriyatlarga qarshi qaratilgan xavfli tahdiddir.
Muhtaram Prezidentimiz tomonidan qabul qilingan PF-207-sonli Farmon bu borada biz uchun muhim dasturulamal vazifasini o‘taydi. Mazkur hujjat asosida tumanimizda giyohvandlikka qarshi kurash ishlarini quyidagi ustuvor yo‘nalishlarda tashkil etamiz:
Birinchidan — mahallada ogohlik va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish.
Har bir mahalla tinchligi va sog‘lom muhiti uchun avvalo o‘sha hudud aholisi mas’uldir. Endi mahallalarda giyohvandlik va narkotik vositalar tarqalishiga nisbatan mutlaq murosasiz muhit shakllantiriladi. Mahalla faollari, nuroniylar, profilaktika inspektorlari va yoshlar yetakchilari bu masalada hamjihatlikda ish olib boradi.
Ikkinchidan — yoshlarda kiberxavfsizlik va raqamli madaniyatni shakllantirish.
Bugun giyohvand moddalar savdosi ko‘p hollarda virtual tarmoqlar orqali amalga oshirilmoqda. Shuning uchun har bir ota-ona farzandining internetdagi muhiti va qiziqishlaridan doimiy xabardor bo‘lishi lozim. Farzand tarbiyasida befarqlikka yo‘l qo‘yish — kelajak oldidagi katta mas’uliyatni unutish demakdir.
Uchinchidan — adashgan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va hayotga qaytarish.
Giyohvandlik domiga tushib qolgan insonlarni jamiyatdan chetlatish emas, ularni sog‘lom hayotga qaytarish muhim vazifadir. Shu maqsadda profilaktika, psixologik ko‘mak, reabilitatsiya va ijtimoiy moslashtirish ishlariga alohida e’tibor qaratiladi. Chunki bir nafar yosh taqdiri — butun bir oilaning kelajagi deganidir.
Qadrli tumandoshlar!
Giyohvandlikka qarshi kurash — faqat huquqni muhofaza qiluvchi idoralar vazifasi emas. Bu — har bir ota-ona, har bir ustoz, har bir mahalla faoli va jamoatchilikning umumiy burchidir.
Barchangizni — nuroniylar, ziyolilar, tadbirkorlar, yoshlar yetakchilari va faol fuqarolarni bir maqsad atrofida birlashishga chaqiraman. Keling, birgalikda Kasbi tumanini sog‘lom, xavfsiz va giyohvandlikdan xoli hududga aylantiraylik!
Chunki yurtimiz kelajagi — sog‘lom fikrli, ma’nan yetuk va vatanparvar yoshlar qo‘lida!
