Kasbi tumanida “Rahbar va yoshlar uchrashuvi” tashkil etildi
2026-04-02 15:10:00 / Yangiliklar

Kasbi tumani “Yoshlar va ma’naviyat markazi”da “Payshanba — Yoshlar kuni” munosabati bilan “Rahbar va yoshlar uchrashuvi” bo‘lib o‘tdi. Mazkur tadbir yoshlar bilan ochiq muloqot qilish, ularning muammo va takliflarini o‘rganish hamda qo‘llab-quvvatlashga qaratilgani bilan ahamiyat kasb etdi.
Uchrashuvda tuman hokimi To‘xtamurod Meyliyev, Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi boshlig‘i Abror Ahmedov, tuman prokurori o‘rinbosari Aziz Niyozov, tuman IIB boshlig‘i Zafar Tursunov, tuman Soliq inspeksiyasi rahbari Jasur Cho‘liyev hamda harbiy xizmatdan qaytgan yoshlar ishtirok etdi.
Muloqot davomida yoshlar tomonidan bandlikni ta’minlash, tadbirkorlik faoliyatini boshlash uchun imtiyozli kreditlar ajratish, kasb-hunarga o‘qitish va boshqa dolzarb masalalar yuzasidan taklif hamda mulohazalar bildirildi. Har bir murojaat mas’ullar tomonidan batafsil o‘rganilib, tegishli yo‘nalishlar bo‘yicha amaliy yechimlar ishlab chiqilishi qayd etildi.
Tuman rahbari To‘xtamurod Meyliyev yoshlarning har bir murojaati alohida nazoratga olinishi, ularni qo‘llab-quvvatlash borasida davlatimiz tomonidan yaratilgan keng imkoniyatlardan samarali foydalanish zarurligini alohida ta’kidladi. Shuningdek, yoshlarning tashabbuslarini ro‘yobga chiqarish, ularning bandligini ta’minlash va ijtimoiy faolligini oshirish ustuvor vazifalardan biri ekani qayd etildi.
Bu kabi uchrashuvlar yoshlar va rahbarlar o‘rtasidagi ochiq muloqotni mustahkamlash, mavjud muammolarni joyida hal etish hamda yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi.








