Xorijiy investitsiyalar asosida qishloq xo‘jaligi rivojlanmoqda
2026-05-30 17:55:00 / Yangiliklar

Qashqadaryo viloyatida investitsion muhitni yaxshilash va qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish borasida muhim ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, Kasbi tumanida xorijiy investorlar ishtirokida investitsiya loyihalari hayotga tatbiq etilmoqda (https://t.me/qashqadaryobojxona/17421).
Qashqadaryo viloyati bojxona boshqarmasi boshlig‘i J. Fayzullayev tumandagi investitsiya loyihalari bilan tanishib, “INDORAMA AGRO” xorijiy korxonasida olib borilayotgan ishlarni ko‘zdan kechirdi.
Mazkur loyiha doirasida 500 gektar maydonda tomchilatib sug‘orish tizimi joriy etilmoqda, yerlar lazer usulida tekislanmoqda hamda sug‘orish kanallari betonlanmoqda. Umumiy qiymati 80 million AQSH dollariga teng bo‘lgan ushbu loyiha suv resurslaridan samarali foydalanish, yer unumdorligini oshirish va hosildorlikni ko‘paytirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, loyiha doirasida 400 dan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratilishi rejalashtirilgan. Bu esa aholi bandligini ta’minlash va hududning ijtimoiy-iqtisodiy rivojiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
O‘zaro muloqot davomida korxona vakillariga Prezidentimizning 2025-yil 17-dekabrdagi “Bojxona ma’muriyatchiligi va tashqi savdo tartibotlarini yanada soddalashtirish va samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF–250-son (https://lex.uz/uz/docs/-7934915) Farmoni hamda uning korxona faoliyatidagi afzalliklari batafsil tushuntirildi.








