Aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish bo‘yicha amaliy seminar o‘tkazildi
2026-01-06 13:00:00 / Majlislar

Aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish — bu ma’lum bir vaqtda muayyan hududda yashovchi barcha shaxslar hamda qishloq xo‘jaligi bilan shug‘ullanuvchi xo‘jalik yurituvchi subyektlar haqida keng qamrovli, aniq va ishonchli ma’lumotlarni yig‘ish, qayd etish va tahlil qilish jarayonidir.
Bugun Kasbi tumani hokimligi majlislar zalida Qashqadaryo viloyati Statistika boshqarmasi hamda Kasbi tumani hokimligi hamkorligida “Aholini va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olishning mazmun-mohiyati, maqsadi, ahamiyati va xorijiy tajriba” mavzusida korxona va tashkilotlarda ro‘yxatga olish uchun mas’ullar uchun tashkil qilingan amaliy seminar o‘tkazildi.
Seminarda tuman tashkilotlari rahbarlari, mahalla yettiligi va mas’ul xodimlar ishtirok etib, Statistika boshqarmasi mutaxassislaridan ro‘yxatga olish jarayonlariga doir savollariga batafsil javob oldilar.
Tadbir davomida ishtirokchilarga: aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olishning ahamiyati, zamonaviy yondashuvlar va xalqaro tajriba, AKTdan samarali foydalanish, elektron so‘rovnomalarni to‘g‘ri to‘ldirish, aholiga ma’lumotni tushunarli yetkazish kabi masalalar yuzasidan atroflicha tushunchalar berildi.






