Vazirlar kengashi haqida

VAZIRLAR KENGASHI TO‘G‘RISIDAGI QONUN
QORAQALPOG‘ISTON RESPUBLIKASINING
QONUNI
Qoraqalpog’iston Respublikasi Vazirlar Kengashi to’g’risida
(yangi tahrir)
1-bob. Umumiy qoidalar
1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi
Ushbu Qonunning maqsadi Qoraqalpog’iston Respublikasi Vazirlar Kengashining (bundan buyon matnda Vazirlar Kengashi deb yuritiladi) faoliyatini tartibga solishdan iborat.
2-modda. Vazirlar Kengashi to’g’risidagi qonunchilik
Vazirlar Kengashi to‘g‘risidagi qonunchilik Qoraqalpog’iston Respublikasining Konstitutsiyasi, ushbu Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlaridan iboratdir.
3-modda. Vazirlar Kengashining huquqiy statusi.
Vazirlar Kengashi - Qoraqalpog‘iston Respublikasi Hukumati - iqtisodiyotning, ijtimoiy va ma’naviy sohaning samarali faoliyat ko‘rsatishiga rahbarlik qiluvchi, O‘zbekiston Respublikasi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi qonunlarining, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi (bundan buyon matnda Oliy Majlis deb yuritiladi) qarorlarining, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlari, qarorlari va farmoyishlarining, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi (bundan buyon matnda Vazirlar Mahkamasi deb yuritiladi) qarorlari va farmoyishlarining, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi (bundan buyon matnda Jo‘qorg‘i Kenges deb yuritiladi) va uning Prezidiumi qarorlarining ijrosini ta’minlovchi Qoraqalpog‘iston Respublikasi davlat hokimiyatining oliy ijro etuvchi organi hisoblanadi.
Vazirlar Kengashi Qoraqalpog‘iston Respublikasida ijro etuvchi hokimiyatning yagona tizimiga rahbarlik qiluvchi kollegial organ hisoblanadi.
4-modda. Vazirlar Kengashi faoliyatining asosiy prinsiplari
O‘zbekiston Respublikasi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Konstitutsiyalari va qonunlarining ustunligi, inson hamda fuqaroning huquq va erkinliklarini ta’minlash, kollegiallik, hokimiyat tarmoqlarining bo‘linishi va hamkorligi, shuningdek, ochiqlik va oshkoralik Vazirlar Kengashi faoliyatining asosiy prinsiplaridir.
2-bob. Vazirlar Kengashining tarkibi va uni tuzish tartibi
5-modda. Vazirlar Kengashining tarkibi
Vazirlar Kengashi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Hukumatining a’zolari – Vazirlar Kengashining Raisi, uning o‘rinbosarlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi vazirlari (bundan buyon matnda vazirlar deb yuritiladi), davlat qo‘mitalarining raislaridan iborat bo‘ladi. Vazirlar Kengashining Raisi lavozimi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tarkibiga kiradi.
6-modda. Vazirlar Kengashini tuzish tartibi
Vazirlar Kengashi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi tomonidan tuziladi.
Vazirlar Kengashining Raisi Jo‘qorg‘i Kenges Raisining taqdimiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining roziligi bilan Jo‘qorg‘i Kenges tomonidan tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi. Vazirlar Kengashi Raisi lavozimiga nomzod Jo‘qorg‘i Kengesda uning nomzodi ko‘rib chiqilayotganda, Vazirlar Kengashining yaqin muddatga va uzoq istiqbolga mo‘ljallangan harakatlar dasturini taqdim etadi. Vazirlar Kengashi Raisining o‘rinbosarlari, Vazirlar Kengashi a’zolari Vazirlar Kengashi Raisining taqdimiga binoan Jo‘qorg‘i Kenges tomonidan, sessiyalar oralig‘ida esa Jo‘qorg‘i Kenges Prezidiumi tomonidan, keyinchalik Jo‘qorg‘i Kengesning tasdig‘i bilan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi. Vazirlar Kengashining a’zosi Jo‘qorg‘i Kenges tomonidan tasdiqlanganidan keyin o‘z vazifalarini bajarishga kirishadi. Amaldagi Vazirlar Kengashi yangi saylangan Jo‘qorg‘i Kenges oldida o‘z vakolatlarini tugatadi, biroq Vazirlar Kengashining yangi tarkibi tuzilguniga qadar Jo‘qorg‘i Kenges qaroriga muvofiq o‘z faoliyatini davom ettirib turadi. Vazirlar Kengashining tuzilmasi, uning xodimlari shtatlari va mehnatga haq to‘lash fondi Jo‘qorg‘i Kenges tomonidan tasdiqlanadi. Vazirlar Kengashining vakolatlarini tugatish yangi shakllantirilgan Jo‘qorg‘i Kengesning birinchi sessiyasi o‘tkazilgan kuni Vazirlar Kengashi Raisi tomonidan yozma murojaat berish orqali amalga oshiriladi. Jo‘qorg‘i Kenges sessiyasida Vazirlar Kengashining o‘z vakolatlarini tugatish to‘g‘risida tegishli qaror qabul qilinadi.
7-modda. Vazirlar Kengashi Raisini lavozimidan ozod etish
Vazirlar Kengashining Raisi quyidagi hollarda Jo‘qorg‘i Kenges tomonidan lavozimidan ozod etiladi:
Vazirlar Kengashi Raisining o‘z ishdan bo‘shatish to‘g‘risidagi arizasiga muvofiq;
Vazirlar Kengashining Raisi o‘z vakolatlarini bajarishi mumkin bo‘lmay qolgan taqdirda;
Vazirlar Kengashi tarkibida uning normal faoliyatiga tahdid soluvchi, bartaraf etib bo‘lmaydigan nizolar yuzaga kelganda, shuningdek Vazirlar Kengashi tomonidan bir necha bor O‘zbekiston Respublikasi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi qonun hujjatlariga zid qarorlar qabul qilingan taqdirda.
3-bob. Vazirlar Kengashining vakolatlari
8-modda. Vazirlar Kengashining umumiy vakolatlari
Vazirlar Kengashi: samarali iqtisodiy, ijtimoiy, moliyaviy, pul-kredit siyosati yuritilishi, fan, madaniyat, ta’lim, sog‘liqni saqlashni hamda iqtisodiyotning va ijtimoiy sohaning boshqa tarmoqlarini rivojlantirish bo‘yicha dasturlar ishlab chiqilishi hamda amalga oshirilishi uchun mas’ul bo‘ladi;
fuqarolarning iqtisodiy, ijtimoiy va boshqa huquqlarini, shuningdek qonuniy manfaatlarini himoya qilishga doir chora-tadbirlarni amalga oshiradi;
vazirliklar, davlat qo‘mitalari va boshqa davlat boshqaruvi organlarining faoliyatini muvofiqlashtiradi hamda yo‘naltiradi, ularning faoliyati ustidan nazoratni ta’minlaydi;
O‘zbekiston Respublikasi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi qonunlari, Oliy Majlis qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlari, Jo‘qorg‘i Kenges va uning Prezidiumi qarorlarining ijrosini ta’minlaydi;
Jo‘qorg‘i Kengesga respublikaning ijtimoiy-iqtisodiy hayotining eng muhim masalalari bo‘yicha yillik ma’ruzalarni taqdim etadi;
yangi tashkil etilgan vazirliklar, davlat qo‘mitalari, idoralar va boshqa davlat boshqaruvi organlarining faoliyatini muvofiqlashtiradi;
strategik rejalashtirishning zamonaviy shakllarini davlat boshqaruvi tizimiga joriy etilishini ta’minlaydi;
respublikani iqtisodiy va ijtimoiy rivojlantirishning eng muhim hamda ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha yaqin, o‘rta va uzoq muddatga mo‘ljallangan strategiyalar, konsepsiyalar, dasturlar hamda "Yo‘l xaritalari"ni amalga oshirish yuzasidan chora-tadbirlar ko‘radi. Vazirlar Kengashi davlat boshqaruvi organlari va o‘zi tuzgan xo‘jalik boshqaruvi organlari tizimini, shuningdek respublika hududida joylashgan O‘zbekiston Respublikasiga bo‘ysunuvchi tashkilotlarni boshqaradi va ularning o‘zaro bog‘liq faoliyatini ta’minlaydi. Vazirlar Kengashi Qoraqalpog’iston Respublikasining Konstitutsiyasida, ushbu Qonunda va boshqa qonunlarda nazarda tutilgan boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
9-modda. Vazirlar Kengashining iqtisodiyot sohasidagi vakolatlari
Vazirlar Kengashi: iqtisodiyot sohasida yagona davlat siyosati amalga oshirilishini va industrial siyosat yuritilishini ta’minlaydi;
barqaror iqtisodiy o‘sishni, makroiqtisodiy mutanosiblikni ta’minlash, iqtisodiyotni isloh qilish va tarkibiy o‘zgartirish, milliy iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish hamda uning raqobatbardoshligini oshirish bo‘yicha choralar ko‘radi;
iqtisodiyotni boshqarishda bozor mexanizmlarining joriy etilishini hamda uning asosiy tarmoqlarini rivojlantirish strategiyalarining shakllanishini ta’minlaydi;
sanoatni modernizatsiya qilish va diversifikatsiya etishda, yuqori texnologiyali qayta ishlash tarmoqlarini jadallik bilan rivojlantirishni, innovatsion ishlanmalarni hamda energiya tejamkor texnologiyalarni ishlab chiqarishga keng joriy etishni, qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanishni kengaytirishni ta’minlaydi;
iqtisodiyot tarmoqlarini strategik jihatdan rivojlantirish bo‘yicha respublika dasturlarini, respublikani rivojlantirish bo‘yicha dasturlarni ishlab chiqadi va ularning amalga oshirilishini ta’minlaydi;
turizm industriyasini rivojlantirish va turizm infratuzilmasini kengaytirish uchun sharoitlar yaratadi;
erkin iqtisodiy zonalar, texnoparklar, kichik sanoat zonalarining ishini muvofiqlashtirish va monitoringini yuritadi, ularning samaradorligini oshirish choralarini ko‘radi;
davlat boshqaruvi usullarini, jumladan elektron hukumat tamoyillari asosida ham takomillashtiradi, bozor tamoyillariga asoslangan xo‘jalik boshqaruvi va korporativ boshqaruvning zamonaviy tamoyil hamda usullarini joriy etilishini qo‘llab-quvvatlaydi;
qishloq xo‘jaligini boshqarish tizimini takomillashtirish, agrar sektorni modernizatsiya qilish va tez rivojlantirish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, resurslarni tejovchi va intensiv zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish, yer resurslari sifatini yaxshilash hamda suv resurslaridan oqilona foydalanish choralarini ko‘radi;
urbanizatsiya jarayonlarining davlat tomonidan tartibga solinishini va davlatning uy-joy siyosatini amalga oshirilishini, yer uchastkalariga oid zamonaviy bozor mexanizmlarining joriy etilishini ta’minlaydi;
erkin tadbirkorlikni rivojlantirish, biznes muhiti sifatini oshirish, yashirin iqtisodiyot ulushini kamaytirish, iqtisodiy jarayonlarda davlat ishtirokini optimallashtirish hamda davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish orqali sharoitlar yaratadi;
tadbirkorlar, shuningdek xorijiy investorlarning murojaatlari bilan ishlash, ular bilan ochiq va bevosita muloqotni ta’minlash bo‘yicha samarali tizimni joriy etish choralarini ko‘radi.
10-modda. Vazirlar Kengashining byudjet va moliya siyosati sohasidagi vakolatlari
Vazirlar Kengashi:
— byudjet, moliya, pul-kredit siyosati sohasida yagona davlat siyosatining amalga oshirilishini ta’minlaydi;
— Qoraqalpog‘iston Respublikasining respublika byudjeti va maqsadli davlat jamg‘armalari byudjetlari, iqtisodiy va ijtimoiy rivojlantirish prognozlarini inobatga olgan holda eng muhim dasturlarni ishlab chiqadi va ularning bajarilishini tashkil etadi;
— xarajatlarning ijtimoiy yo‘naltirilganligini saqlagan holda Qoraqalpog‘iston Respublikasi byudjetining barcha darajalarida barqarorlikni ta’minlaydi, mahalliy byudjetlar daromad qismini mustahkamlash bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshiradi;
— Jo‘qorg‘i Kenges Prezidiumi qaroriga muvofiq samarali fiskal siyosat yuritadi, soliq tizimini soddalashtirish, soliq ma’murchiligi tizimining sifatini va samaradorligini oshirish bo‘yicha choralar ko‘radi;
— pul va kredit tizimini mustahkamlash, banklar va boshqa moliya institutlarining barqarorligini ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlarning amalga oshirilishiga ko‘maklashadi.
11-modda. Vazirlar Kengashining ijtimoiy yo’nalishidagi vakolatlari
Vazirlar Kengashi:
— ijtimoiy sohada yagona davlat siyosatining amalga oshirilishini ta’minlaydi;
— ta’lim tizimini rivojlantirish, uning sifati va samaradorligini oshirish, uzluksiz ta’limdan foydalanish uchun sharoitlar yaratishni ta’minlaydi;
— maktabgacha ta’lim tizimini takomillashtirish, maktabgacha ta’lim muassasalari tarmog‘ini kengaytirish va ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash bo‘yicha choralar ko‘radi;
— ilmiy-tadqiqot va innovatsion faoliyatni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlarni bajaradi;
— sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish, tibbiy xizmat ko‘rsatish darajasini va ochiqligini oshirish, aholi salomatligini saqlash va mustahkamlash, sog‘lom turmush tarzi tamoyillarini joriy etish, shuningdek sanitariya-epidemiologik osoyishtalikni ta’minlash bo‘yicha choralarni amalga oshiradi;
— jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish, sport muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, sport infratuzilmasini takomillashtirishga ko‘maklashadi;
— ish o‘rinlarini tashkil etish va aholi bandligini ta’minlash dasturlarini ishlab chiqadi va amalga oshiradi, mehnat bozori infratuzilmasini rivojlantirishni, fuqarolarning ijtimoiy himoyasi, ularning ijtimoiy va pensiya ta’minoti tizimlarining faoliyatini ta’minlaydi;
— oila, onalik va bolalikni himoya qilishga ko‘maklashadi, yoshlar bo‘yicha davlat siyosatini amalga oshirish choralarini ko‘radi;
— ijtimoiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha respublika dasturlarini ishlab chiqish va ularning bajarilishini ta’minlaydi, fuqarolarning real daromadlarini oshirish, aholining uy-joy sharoitlarini yaxshilash, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini, shuningdek nogironligi bo‘lgan shaxslarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash choralarini ko‘radi.
12-modda. Vazirlar Kengashining madaniy-gumanitar yo’nalishidagi vakolatlari
Vazirlar Kengashi:
— madaniy-gumanitar sohada yagona davlat siyosatining amalga oshirilishiga ko‘maklashadi;
— ilmiy-texnikaviy va madaniy hamkorlik sohasida rahbarlikni amalga oshiradi;
— madaniyat va san’atni rivojlantirish, madaniy qadriyatlardan keng foydalanishni ta’minlash, fuqarolarning ijtimoiy va madaniy hayotda to‘laqonli ishtirok etishiga ko‘maklashadi;
— teatr-tomosha muassasalari, madaniy-ma’rifiy tashkilotlar va muzeylar faoliyatini rivojlantirish, ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash bo‘yicha choralarni ko‘radi;
— tarixiy va madaniy merosni muhofaza qilishni, respublikaning barcha hududlarida ijtimoiy hayotning barcha jabhalarida davlat tilining har tomonlama rivojlantirilishi va qo‘llanishini ta’minlaydi;
— xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan madaniy-gumanitar aloqalarni kengaytirish va rivojlantirish bo‘yicha choralar ko‘radi.
13-modda. Vazirlar Kengashining Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududlarini rivojlantirish yo’nalishidagi vakolatlari
Vazirlar Kengashi:
— hududlar iqtisodiyotini modernizatsiya qilish va diversifikatsiya etish, ularning sanoat hamda eksport salohiyatini oshirish orqali hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan kompleks va mutanosib rivojlantirilishini ta’minlaydi;
— iqtisodiyot tarmoqlarini va ijtimoiy sohani strategik rivojlantirish dasturlarini, shuningdek hududlarda iqtisodiy, ijtimoiy va boshqaruv islohotlarini amalga oshirish choralarini ko‘radi;
— Qoraqalpog‘iston Respublikasi respublika byudjetining va mahalliy byudjetlarning maqsadli bajarilishini ta’minlaydi;
— hududlarni, birinchi navbatda iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishda ortda qolayotgan qishloq, shahar va tumanlarni rivojlantirish bo‘yicha ustuvor vazifalarni samarali hal etish maqsadida davlat boshqaruvi va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining muvofiqlashtirilgan faoliyatini ta’minlash choralarini ko‘radi;
— hududlarni kompleks rivojlantirishga, shuningdek iqtisodiyot tarmoqlari va sohalarida bozor islohotlarini chuqurlashtirishga, hududlarda aholining bandligi va turmush darajasining uzluksiz oshib borishini ta’minlashga qaratilgan islohotlar ijrosi jarayonida monitoring asosida hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish tamoyillarini har tomonlama tahlil qiladi;
— xorijiy investitsiyalarni jalb qilish va hududlarning eksport salohiyatini oshirish choralarini ko‘radi, respublika rivojlanishining strategik maqsadlaridan hamda uning iqtisodiy xavfsizligidan kelib chiqib, hududlarning investitsiyaviy jozibadorligini yanada oshirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqadi;
— hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlari, qarorlari, farmoyishlari, Vazirlar Mahkamasi qarorlari va farmoyishlari, shuningdek, Jo‘qorg‘i Kenges va uning Prezidiumi qarorlari hamda Jo‘qorg‘i Kenges Raisining farmoyishlarining ijro etilishi bo‘yicha maqsadli o‘rganishlar olib boradi;
— hududlar iqtisodiy barqarorligini ta’minlovchi eng muhim ustuvor yo‘nalishlar, iqtisodiyotning aniq tarmoqlari va sohalaridagi islohotlarni yanada chuqurlashtirish, hududlarning iqtisodiy salohiyatini oshirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqadi.
14-modda. Vazirlar Kengashining ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi vakolatlari
Vazirlar Kengashi: Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish hamda ekologik xavfsizlikni ta’minlash sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirishda ko‘maklashadi;
fuqarolarning qulay atrof-muhitga bo‘lgan huquqlarini amalga oshirish, ekologik tozalikni ta’minlash choralarini ko‘radi;
tabiiy resurslarni muhofaza qilish, ulardan oqilona foydalanish hamda tabiatdan foydalanishni tartibga solish bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘radi;
tabiatni muhofaza qilish tadbirlarini o‘tkazish, respublika va xalqaro ahamiyatga molik yirik ekologik dasturlarni ro‘yobga chiqarishda chora-tadbirlarni amalga oshiradi;
yirik avariyalar va halokatlarning oldini olish va ularning oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha choralarni ko‘radi.
15-modda. Vazirlar Kengashining investitsiyalar va tashqi iqtisodiy faoliyat sohasidagi vakolatlari
Vazirlar Kengashi: investitsiyalar va tashqi iqtisodiy munosabatlarda yagona davlat siyosatini amalga oshirishga ko‘maklashadi;
qulay investitsiya muhitini yaratish va xorijiy investitsiyalarni jalb qilish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirishda ko‘maklashadi;
eksport qiluvchilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlaydi, mahalliy tovarlar va xizmatlarning tashqi bozorlarga chiqishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratadi, zamonaviy logistika infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha choralar ko‘radi;
Qoraqalpog‘istonning savdo, iqtisodiy, texnologik, transport va boshqa aloqalarini kengaytirish, iqtisodiyot barqarorligini mustahkamlash va iqtisodiy xavfsizlikni ta’minlash choralarini ko‘radi.
16-modda. Vazirlar Kengashining axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish sohasidagi vakolatlari
Vazirlar Kengashi: axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirishga ko‘maklashadi;
axborot-axborot jamiyatini shakllantirish, raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish, "Elektron hukumat" tizimining joriy etilishini ta’minlash, aholi, biznes va davlat o‘rtasidagi hamkorlikni samarali tartibga solish uchun zarur shart-sharoitlar yaratadi.
17-modda. Vazirlar Kengashining jamoat tartibini saqlash, davlat xavfsizligini va mudofaa qobiliyatini ta’minlash sohasidagi vakolatlari
Vazirlar Kengashi: davlat xavfsizligi va mudofaa qobiliyatini ta’minlash, davlat manfaatlarini himoya qilish, jamoat tartibini saqlash bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirishga ko‘maklashadi;
huquqbuzarliklar profilaktikasiga oid davlat dasturlarining ishlab chiqilishi, tasdiqlanishi va amalga oshirilishini ta’minlaydi;
huquqbuzarliklar profilaktikasini bevosita amalga oshiruvchi va unda ishtirok etuvchi davlat organlari va boshqa tashkilotlarning hamkorligini ta’minlaydi.
18-modda. Vazirliklar, davlat qo‘mitalari va boshqa davlat boshqaruvi organlariga rahbarlik qilish
Vazirlar Kengashi vazirliklar, davlat qo‘mitalari va boshqa davlat boshqaruvi organlari faoliyatini muvofiqlashtiradi hamda yo‘naltiradi.
Vazirliklar, davlat qo‘mitalari va boshqa davlat boshqaruvi organlari o‘zlari olib borayotgan davlat siyosatining sifatli va samarali amalga oshirilishi uchun Vazirlar Kengashi oldida mas’uldir.
Vazirliklar, davlat qo‘mitalari, boshqa davlat va boshqaruv organlari to‘g‘risidagi nizomlar amaldagi qonunchilikka muvofiq Vazirlar Kengashi tomonidan tasdiqlanadi. Vazirlar Kengashi zaruratga qarab vazirliklar, davlat qo‘mitalari va boshqa davlat boshqaruvi organlarining hududiy apparati xodimlari sonini va ularni saqlash uchun mablag‘lar miqdorini belgilaydi.
Vazirlar, davlat qo‘mitalari raislari va boshqa davlat boshqaruvi organlari rahbarlari Vazirlar Kengashiga kiritilayotgan takliflar, tahliliy hamda boshqa hujjatlarning, shu jumladan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining sifatli va puxta ishlab chiqilishi, shuningdek ularni amalga oshirishning pirovard natijalari va oqibatlari uchun shaxsan javobgar bo‘ladi.
Vazirlar Kengashi Jo‘qorg‘i Kengesga, sessiyalar oralig‘idagi davrda esa Jo‘qorg‘i Kenges Prezidiumiga vazirliklar, davlat qo‘mitalari va boshqa davlat boshqaruvi organlarini tuzish va tugatish to‘g‘risida takliflar kiritadi.
Vazirlar va davlat qo‘mitalari raislarining o‘rinbosarlari, bosh boshqarmalar, boshqa davlat boshqaruvi organlari rahbarlari va ularning o‘rinbosarlari, agar qonunchilikda boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, Vazirlar Kengashi tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi.
Vazirlar Kengashi maqsadli vazifalar ijrosini vazirliklar, davlat qo‘mitalari va boshqa davlat boshqaruvi organlari faoliyati samaradorligini hamda maqsadli vazifalar ijrosini baholashning asosiy ko‘rsatkichlarini hisobga olgan holda ta’minlaydi.
Vazirlar Kengashi vazirliklar, davlat qo‘mitalari va boshqa davlat boshqaruvi organlari rahbarlarining asosiy ko‘rsatkichlarda belgilangan maqsadli vazifalarning bajarilishi hamda ularga erishilishi to‘g‘risidagi hisobotlarini muntazam ravishda eshitadi.
Vazirlar Kengashi zarur bo‘lganda davlat boshqaruvining o‘z vakolatiga kiradigan ayrim masalalarini hal etishni, agar bu masalalarning hal etilishi qonunchilikda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Hukumatining mutlaq vakolatlariga kiritilmagan bo‘lsa, vazirliklarga, davlat qo‘mitalariga va o‘z bo‘ysunuvidagi boshqa davlat boshqaruvi organlariga topshirishi mumkin.
19-modda. Vazirlar Kengashining qonunchilik tashabbusi huquqi
Vazirlar Kengashi qonunchilik tashabbusi huquqiga ega. Vazirlar Kengashi qonunchilik tashabbusi huquqini qonun loyihalarini Jo‘qorg‘i Kengesga kiritish orqali amalga oshiradi.
Vazirlar Kengashi o‘zi kiritgan qonun loyihasini Jo‘qorg‘i Kengesga ko‘rib chiqishda ishtirok etish uchun o‘z vakillarini tayinlashi mumkin.
4-bob. Vazirlar Kengashi faoliyatini tashkil etish
20-modda. Vazirlar Kengashi Raisi
Vazirlar Kengashining Raisi: Vazirlar Kengashi faoliyatini tashkil etadi va unga rahbarlik qiladi, uning samarali ishlashi uchun shaxsan javobgar bo‘ladi;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Hukumati oldiga qo‘yilgan maqsadli vazifalarning bajarilishini ta’minlash maqsadida vazirliklar, davlat qo‘mitalari va boshqa davlat boshqaruvi organlari faoliyatini umumiy tarzda muvofiqlashtiradi, yuzaga kelgan nizolar bo‘yicha qarorlar qabul qiladi;
Vazirlar Kengashi va uning Rayosati majlislariga raislik qiladi, uning qarorlarini imzolaydi;
xalqaro munosabatlarda Jo‘qorg‘i Kengesning roziligi bilan Vazirlar Kengashi nomidan ish ko‘radi, muzokaralar olib boradi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Hukumati nomidan xalqaro shartnomalarni imzolaydi;
Vazirlar Kengashi Raisining o‘rinbosarlari o‘rtasida vazifalarni taqsimlaydi va keyinchalik uni Vazirlar Kengashi Rayosatida tasdiqlaydi;
Vazirlar Kengashi va uning Rayosati majlislarida ko‘rib chiqishni talab etmaydigan davlat va xo‘jalik boshqaruvining ayrim masalalari yuzasidan qarorlar qabul qiladi;
Jo‘qorg‘i Kenges Raisiga tuman, shahar hokimlarini va ularning o‘rinbosarlarini lavozimga tayinlash va lavozimidan ozod etish to‘g‘risida tavsiyalar beradi;
Vazirlar Kengashining o‘tgan yildagi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish yakunlari va kelgusi yil uchun ustuvor yo‘nalishlar to‘g‘risidagi har yilgi ma’ruzasini Jo‘qorg‘i Kengesga taqdim etadi;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Hukumati a’zolari bilan birgalikda har yarim yilda Jo‘qorg‘i Kengesga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasidan kelib chiqqan holda, tegishli yilga belgilangan davlat dasturining Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha bajarilishi to‘g‘risida hisobotni taqdim etadi;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi qonunlarida nazarda tutilgan boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
Vazirlar Mahkamasi Raisi ijro intizomining umumlashtirilgan tahlili asosida:
o‘z vakolatlari doirasida intizomiy jazo chorasini qo‘llash to‘g‘risida qaror qabul qiladi;
Jo‘qorg‘i Kenges tomonidan lavozimga tayinlanadigan mansabdor shaxsga yo‘l qo‘yilgan aybli harakatlari (harakatsizligi) uchun intizomiy jazo choralarini qo‘llash to‘g‘risida Jo‘qorg‘i Kenges Raisiga taqdimnoma kiritadi.
Vazirlar Kengashi Raisi o‘z vakolatlariga kiradigan masalalar bo‘yicha farmoyishlar chiqaradi.
Vazirlar Kengashi Raisi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Fuqaro muhofazasi boshlig‘i sifatida o‘ziga tegishli vakolatlarni amalga oshiradi.
Vazirlar Kengashi Raisi Vazirlar Kengashining faoliyati to‘g‘risida Jo‘qorg‘i Kenges Raisiga muntazam ravishda axborot beradi.
Vazirlar Kengashining Raisi yo‘qligida uning vazifasini uning birinchi o‘rinbosari yoki o‘rinbosarlaridan biri bajarib turadi.
21-statya. Ministrler Keńesi Baslıǵınıń orınbasarları
Qaraqalpaqstan Respublikası Joqarǵı Keńesiniń Baslıǵı M.Kamalov
