Beruniyda xotin-qizlar tadbirkorligi rivojlanmoqda. Zamonaviy sharoitlardan foydalanayotgan opa-singillar faoliyati obe'ktiv markazida
2025-11-04 15:55:00 / Media tadbirlar

Press turning ilk manzili “Xunarmand hoji ona korxonasi” bo'ldi. Jumagul ona Reyimboeva rahbarlik qilayotgan sexda 20 turdagi tikuvchilik mahsulotlari ko'rpa ko'rpacha yostiq va kelinlar sarpolari tayyorlanadi. Paxta va sintifon xom-ashyosidan tayyorlanadigan mazkur ko'rpalar, Xitoy texnologiyasi asosida tikilib ichki bozorga yo'naltiriladi. Zamonaviy tikuv mashina va apparatlari 3 daqiqada bir dona ko'rpani tayyor tikib beradi. Agar qo'lda tikilsa, bir kun vaqt ketadi dedi biz bilan suhbatda hunarmand ona. 6 nafar doimiy ishchilar,100 nafardan ortiq shogirdlar tayyorlagan Jumagul onaning kelinlari ham bu hunarni egallagan.
Press turning keyingi manzili Shimom ovul fuqarolar yig'ini hududida O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 18 sentyabrdagi “Islom taraqqiyot banki va OPEK xalqaro taraqqiyot jamg'armasi ishtirokida “Qishloq joylarini barqaror rivojlantirish” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to'g'risida” gi PQ-5246-son qaroriga asosan bunyod etilgan mahalla majmuasi bo'ldi. Majmuada aholi salomatligini mustahkamlashga qaratilgan sog'lomlashtirish markazi, tikuvchilik xonasi, kasb-hunarga o'qitish xonalari, ayollar go'zallik saloni, non va shirinliklar tayyorlash sexi mavjud.
O'z-o'zini band qilish istagidagi xotin-qizlar bu yerdagi zamonaviy tikuv mashinalaridan foydalanib, buyurtma asosida ayollar kiyimlari va zamonaviy pardalar tikib, daromad topishni yo'lga qo'ygan. Tikuvchilik hunarini egallash istagidagi xotin-qizlar 3 oylik kurslarda tikuvchilikning sir-sinoatini o'rganib, yakunida esa diplom va sertifikatlarga ega bo'ladi. Natijada esa subsidiya va imtiyozli kredit olish imkoniyatini qo'lga kiritadi.
10 yil davomida uy sharoitida turli shirinliklar pishirgan yosh tadbirkor, endilikda mahalla majmuasida ish faoliyatini davom ettirmoqda. Non va milliy shirinliklar pishirib, do'konlarga yetkazib berish bilan birga xalqimizning yaxshi kunlariga, to'y-tantanalariga ham buyurtmalar olib, shogirdlari bilan birga xizmat ko'rsatishni boshlagan. Aslida bu yaratilayotgan imkoniyatlarning barchasi mamlakatimizda xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, farovonligini ta'minlash, oilasiga daromad olib kirish, kasb-hunarli qilish yo'lida olib borilayotgan say'-harakatlardir.




