"Korrupsiyaga qarshi kurash – davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi"
2025-05-28 17:00:00 / Yangiliklar

2025 yil 18-20 mart kunlari parlamentning idoralararo ishchi guruhi tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasida kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish va korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida amalga oshirilgan ishlar holatini o‘rganish davomida aniqlangan muammolarni bartaraf etish bo‘yicha chora-tadbirlar Yo‘l xaritasi Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi tomonidan tasdiqlangan.
Ushbu yo‘l xaritasiga asosan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish hududiy kengashi tomonidan "To‘rtko‘l tumanini korrupsiyadan xoli hududga aylantirish" bo‘yicha 21 banddan iborat yo‘l xaritasi tasdiqlandi.
Shuningdek, joriy yilning may oyida O‘zbekiston Respublikasi Senati Raisi T.Narbayeva, Bosh prokurori N.Yo‘ldoshev va Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori A.Burxanovlar tomonidan "Qoraqalpog‘iston Respublikasida korrupsiyaning oldini olish, unga qarshi kurashish, shu bilan birga, maishiy korrupsiyaga chek qo‘yish, korrupsiyaga murosasiz munosabatda bo‘lish muhitini shakllantirish" bo‘yicha 26 banddan iborat yo‘l xaritasi tasdiqlandi.
Ushbu yo‘l xaritalarida berilgan topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi A.Atajanov rahbarligida yig‘ilish tashkil etildi. Yig‘ilishda Jo‘qorg‘i Kengesning qo‘mita raisi Sh.O‘temisov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokuraturasi bo‘lim boshlig‘i R.Sankibayev va Vazirlar Kengashining korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘limi boshlig‘i B.Matmuratovlar ishtirok etdi.
Shuningdek, yig‘ilishda Vazirlar Kengashi mas’ul xodimlari hamda 60 dan ortiq davlat organlari, tashkilotlar va korxonalarning korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘limi xodimlari hamda shahar (tuman) hokimliklari xodimlari ZOOM platformasi orqali ishtirok etdi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokuraturasida yo‘l xaritalari ijrosini nazorat qilish bo‘yicha doimiy ishlovchi shtab tashkil etildi va tegishli idoralar tomonidan kunlik ma’lumotlar shtabga taqdim etib borilmoqda.
Yig‘ilish davomida yo‘l xaritasida belgilangan vazifa va topshiriqlar atroflicha muhokama qilindi. Tegishli organ vakillari o‘zlariga tegishli bandlarning bajarilishi bo‘yicha o‘zlarining axborotlarini taqdim etdi.
Yig‘ilish yakunida bu boradagi ishlarni yanada takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha ko‘rsatma va topshiriqlar berilib, yig‘ilish natijasi bo‘yicha qaror qabul qilindi.
Yig‘ilish ishtirokchilari o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javoblar oldi.








