Jamoatchilik eshituvi: natijalar, tahlil va takliflar
2026-10-30 17:15:00 / Yangiliklar

Mazkur vazifalar ijrosini ta'minlash maqsadida joylarda jamoatchilik eshituvlari o‘tkazilmoqda.
Xususan, “Yuksalish” umummilliy harakati Qoraqalpog'iston Respublikasi hududiy bo‘limi tomonidan «O‘zbekiston – 2030» strategiyasini «Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili»da amalga oshirishga oid Davlat dasturidagi onkologik kasalliklarning oldini olish, ularni erta aniqlash va aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifatini oshirish yo‘nalishidagi vazifalarning yanvar-sentyabr oylaridagi ijrosi yuzasidan navbatdagi jamoatchilik eshituvi tashkil etildi.
Tadbirni «Yuksalish» harakati Qoraqalpog'iston Respublikasi hududiy bo‘linmasi rahbari T.Romanov olib bordi.
Unda Qoraqalpog'iston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi mutaxassislari, Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Qoraqalpog'iston filiali shifokorlari, fuqarolik jamiyati institutlari va ommaviy axborot vositalari vakillari, tegishli tashkilot va idoralar mutasaddilari ishtirok etdi.
Jamoatchilik eshituvida Davlat dasturi ijrosi doirasida amalga oshirilgan ishlar, erishilgan natijalar va jarayonda uchrayotgan muammolar atroflicha tahlil qilindi.
Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Qoraqalpog'iston filialida 2026 yil davomida aholi o‘rtasida onkologik kasalliklarning oldini olish, xususan, ayollar o‘rtasida sut bezi va bachadon bo‘yni saratoni hamda boshqa onkologik kasalliklarga qarshi ob’ektiv ko‘riklar, tsitologik tekshiruvlar, kolposkopiya va mammografik tekshiruvlar tashkil etilgan.
Xususan, 2026 yilning 9 oyi davomida 53 ming 876 nafar ayol (47,4%) sut bezi saratoni skriningidan o‘tkazilgan. Natijada, 76 tasida sut bezi saratoni kasalligi aniqlangan bo‘lib, shundan 46 foizi, ya’ni, 35 ayolning kasalligi erta bosqichda (I-II bosqich) va deyarli 54 foizi, ya’ni, 41 ayolning kasalligi kech bosqichda (III-IV bosqich) ekanligi ma'lum bo‘lgan.
– Bugungi kunda skrining qamrovi pastligining asosiy sabablaridan biri tuman tibbiyot birlashmalarida onkolog mutaxassislar etishmasligi hisoblanadi. Xususan, Shumanay, Mo‘ynoq, Qorao‘zak, Bo‘zatov va Ellikqal’a tumanlari onkolog shifokorlar bilan ta'minlanmagan. Shu bois tumanlarga malakali mutaxassislarni jalb qilish va birlamchi tibbiy xizmat ko‘rsatish faoliyatini yanada takomillashtirish zarur, – deydi Qoraqalpog'iston Respublikasi Sog'liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Gauhar Abdisametova. – Tibbiyot muassasalarini tibbiy uskunalar bilan ta'minlash borasida ham qator muammolar mavjud. Jumladan, Qo‘ng'irot tumanida binoning kapital ta'mirlanayotganligi sababli mammografiya apparati vaqtincha ishlamay turibdi. Chimboy tumanida esa mammografiya apparatining eskirganligi sababli undan faqat tashxis qo‘yish maqsadida foydalanilmoqda.
Jamoatchilik eshituvi yakunlari bo‘yicha Strategiya, Davlat dasturi ijrosini ta'minlash va jamoatchilik eshituvida ko‘tarilgan masalalarni hal etishga qaratilgan taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.



