Aholi bilan ochiq muloqot davom etmoqda
2026-10-09 20:45:00 / Yangiliklar

Aholi murojaatlarini tinglash, ularning muammolariga yechim topish hamda fuqarolarning qonuniy manfaatlarini ta’minlash davlat boshqaruvida muhim o‘rin tutadi. Zero, har bir murojaat ortida inson taqdiri, kundalik hayot bilan bog‘liq masala va yechimini kutayotgan muammo mujassam.
Shu maqsadda bugun Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining Raisi F.Ermanov ishtirokida Kegeyli tumanida fuqarolar qabuli bo‘lib o‘tdi. Unda fuqarolarning murojaatlari tinglanib, ularni hal etish yuzasidan tegishli choralar belgilandi.
Qabul davomida jami 11 ta murojaat ko‘rib chiqildi. Ularning 6 tasi joyida ijobiy hal etildi. Bu esa fuqarolarni qiynayotgan masalalarni imkon qadar tezkorlik bilan o‘rganish va amaliy yechim topishga alohida e’tibor qaratilayotganini ko‘rsatadi.
Qolgan murojaatlar ham e’tibordan chetda qolmadi. Ularni belgilangan tartibda chuqur o‘rganish, zarur choralarni ko‘rish va qonuniy yechim topish maqsadida mas’ul tashkilotlar tomonidan tegishli ishlarni amalga oshirish belgilandi.
Darhaqiqat, aholi bilan ochiq muloqotning ahamiyati nafaqat murojaatlarni tinglash, balki har bir masalaga mas’uliyat bilan yondashish, uning yechimini izlash va fuqarolarning ishonchini oqlashda namoyon bo‘ladi.
Aholi murojaatlariga e’tibor — inson manfaatlariga e’tibor. Shu bois fuqarolarni qiynayotgan muammolarni o‘z vaqtida aniqlash, ularni qonuniy va samarali hal etish hamda murojaatlar ijrosini nazorat qilish borasidagi ishlar izchil davom ettiriladi.







