Qoraqalpog‘istonning uzoq muddatli rivojlanish istiqbollari muhokama qilindi
2026-09-11 10:30:00 / Yangiliklar

Uchrashuvda Qoraqalpog‘istonning har bir tumani va shahrining o‘ziga xos imkoniyatlari va mavjud muammolarini chuqur tahlil qilgan holda sanoat, qishloq xo‘jaligi, xizmat ko‘rsatish va turizm sohalarida ustuvor rivojlanish yo‘nalishlarini belgilash muhimligi qayd etildi.
Shuningdek, Markaziy Osiyo mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik dasturining 2-transport yo‘lagi hamda A-380 avtomobil yo‘lining imkoniyatlaridan samarali foydalanish, transport-logistika xizmatlari, ishlab chiqarish va savdo yo‘nalishlarini rivojlantirish bo‘yicha amaliy takliflar ishlab chiqish yuzasidan fikr almashildi.
Muzokaralarda investitsiya loyihalarini ustuvorligi asosida saralash, ular uchun zarur infratuzilmani shakllantirish, moliyalashtirish manbalarini aniqlash bilan bir qatorda ekologik barqarorlik va suv resurslaridan oqilona foydalanish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi.
Suhbat yakunida strategiyani amaliyotga samarali tatbiq etish, unda belgilangan vazifalarni aniq muddat va natija ko‘rsatkichlari asosida amalga oshirishni nazarda tutuvchi “yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish bo‘yicha kelishib olindi.
Uchrashuvda hamkorlikni izchil davom ettirish va Qoraqalpog‘istonning mavjud iqtisodiy salohiyatini yangi loyihalar hamda ish o‘rinlariga aylantirishga qaratilgan amaliy choralarni kuchaytirish muhimligi ta’kidlandi.



