Qishloq xo‘jaligida yangi hamkorlik yo‘nalishlari muhokama qilindi
2026-09-10 13:05:00 / Yangiliklar

Uchrashuvda hududning qishloq xo‘jaligi salohiyatidan samarali foydalanish, zamonaviy agrotexnologiyalarni keng joriy etish hamda agrar sohada xalqaro tajribani tatbiq etish masalalari yuzasidan muzokaralar olib borildi.
Xususan, chorvachilik va parrandachilik komplekslarini rivojlantirish, mustahkam va barqaror ozuqa bazasini yaratish, zamonaviy parvarishlash, oziqlantirish va qayta ishlash texnologiyalarini joriy etish istiqbollari muhokama qilindi.
Shuningdek, seleksiya va genetika yo‘nalishlarida ilg‘or yechimlardan foydalanish, hududlarda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish samaradorligini oshirish, ularni chuqur qayta ishlash va eksport salohiyatini kengaytirishga xizmat qiladigan agro-sanoat klasterlarini tashkil etish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.
Tomonlar mazkur yo‘nalishlarda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, mavjud imkoniyatlarni o‘rganish va istiqbolli hamkorlik loyihalarini shakllantirish muhimligini ta’kidladilar.
Ma’lumot uchun, BF Group (Bonifiche Ferraresi S.p.A.) Italiyaning yirik agrar kompaniyalaridan biri bo‘lib, 7,7 ming gektar konsolidatsiyalangan yer maydoniga ega. Kompaniya qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishdan tortib, ularni qayta ishlash va tayyor mahsulot shaklida bozorga chiqarishgacha bo‘lgan to‘liq vertikal qiymat zanjirini shakllantirgan.
Kompaniyaning strategik ustunliklaridan biri — “genomdan peshtaxtagacha” tamoyili asosida faoliyat yuritishi bo‘lib, bunda urug‘chilik, yetishtirish, chorvachilik va parrandachilik, oziqa bazasi, qayta ishlash hamda tayyor mahsulotni bozorga chiqarishning o‘zaro bog‘liq tizimi nazorat qilinadi. Jumladan, BF Group tarkibidagi S.I.S. (Società Italiana Sementi) orqali qattiq navli bug‘doy va sholi kabi strategik ekinlarning urug‘lik bazasi bilan bog‘liq yo‘nalishlarda faoliyat yuritadi.
Mazkur tajriba va salohiyatni Qoraqalpog‘istonning agrar imkoniyatlari bilan uyg‘unlashtirish hududda qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishining samaradorligi, qayta ishlash darajasi va eksport imkoniyatlarini oshirishga xizmat qiladi.


