Qoraqalpog‘istonda suv tejash va qishloq xo‘jaligida innovatsion yondashuvlar bo‘yicha amaliy seminar o‘tkazildi
2026-08-26 18:30:00 / Yangiliklar

Qoraqalpog‘iston qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar institutida bo‘lib o‘tgan tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi Farxod Ermanov, “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universiteti rektori, texnika fanlari doktori Bahodir Mirzayev, soha mutaxassislari, olimlar hamda qishloq xo‘jaligi tizimi vakillari ishtirok etdi.
Tadbirning asosiy maqsadi — Qoraqalpog‘iston sharoitida suv resurslaridan samarali va tejamkor foydalanish, zamonaviy texnologiyalarni qishloq xo‘jaligiga keng joriy etish, shuningdek, ilm-fan yutuqlarini amaliyot bilan uyg‘unlashtirishdan iborat.
Seminar davomida innovatsion texnologiyalar bo‘yicha taqdimotlar o‘tkazilib, ularning qishloq xo‘jaligida samaradorlikni oshirish, suv va energiya resurslarini tejash hamda ekinlarni yetishtirish jarayonlarini zamonaviylashtirishdagi imkoniyatlari haqida ma’lumotlar berildi.
Shuningdek, tadbir doirasida zamonaviy yechimlarning amaliy imkoniyatlari namoyish etildi. Jumladan, plazma texnologiyalari, mobil laboratoriya va jihozlar, energoaudit, dronlar bo‘yicha ko‘rgazmalar tashkil qilinib, ularning sohada qo‘llanilishi yuzasidan tushuntirishlar berildi. Bundan tashqari, sholini intensiv usulda yetishtirish texnologiyasi ham amaliy tarzda namoyish etildi.
Taqdimotlar yakunida ishtirokchilar bilan savol-javoblar o‘tkazilib, Qoraqalpog‘iston sharoitida suvni tejash, zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish va qishloq xo‘jaligi samaradorligini oshirish bilan bog‘liq masalalar yuzasidan fikr almashildi.
Tadbirning muhim jihatlaridan yana biri — “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universiteti bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi Memorandumning imzolanganidir. Mazkur hujjat ilm-fan, ta’lim, innovatsion texnologiyalar va qishloq xo‘jaligi amaliyotini yanada yaqinlashtirish, ilg‘or ishlanmalarni hududda keng joriy etish borasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.
Umuman, bugungi o‘quv-amaliy seminar va ko‘rgazma Qoraqalpog‘istonda suv resurslaridan oqilona foydalanish, zamonaviy texnologiyalarni qishloq xo‘jaligiga tatbiq etish hamda ilmiy yutuqlarni ishlab chiqarish jarayonlariga keng joriy qilish yo‘lidagi muhim amaliy qadam bo‘ldi.






