Pokistondagi xizmat safari doirasidagi uchrashuvlar davom etmoqda
2026-07-03 18:10:00 / Yangiliklar

Safarning navbatdagi bosqichida delegatsiya a’zolari Pokiston davlatining Sialkot viloyati, Sialkot shahrida sport jihozlari hamda tibbiyot sohasi uchun mahsulotlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan Leatherware (Pvt.) Limited, Silver Star Group (Pvt.) Limited, Wembley Sports, Tecno Instruments (Pvt.) Limited va Long Life Surgical Ltd kompaniyalari faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Uchrashuvlar davomida mazkur korxonalarning ishlab chiqarish jarayonlari, eksport salohiyati, mahsulot sifati hamda xalqaro bozordagi tajribasi atroflicha o‘rganildi. Shuningdek, o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish yuzasidan fikr almashildi.
Muzokaralar chog‘ida O‘zbekiston hududidagi barcha maktabgacha ta’lim muassasalari, umumta’lim maktablari, mahallalar, yoshlar markazlari, sport komplekslari hamda boshqa ijtimoiy soha obyektlarining sport jihozlariga bo‘lgan ehtiyojini har tomonlama tahlil qilish, shuningdek, qo‘shni davlatlar bozoridagi talabni ham inobatga olgan holda Pokistonning yetakchi brend kompaniyalari ishtirokida Qoraqalpog‘iston Respublikasida zamonaviy sport jihozlari ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, tibbiyot sohasida faoliyat yurituvchi kompaniyalar rahbarlariga mamlakatimizda investorlar uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar, amalga oshirilayotgan islohotlar hamda ushbu yo‘nalishdagi imkoniyatlar yuzasidan taqdimot o‘tkazildi.
Uchrashuvlar yakunida tibbiyot sanoatini rivojlantirish, zamonaviy tibbiy buyumlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasida istiqbolli investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha qator kelishuvlarga erishildi.
Mazkur uchrashuvlar xizmat safari doirasida Qoraqalpog‘iston Respublikasining sanoat salohiyatini yanada oshirish, eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish, yangi ish o‘rinlarini yaratish hamda xorijiy investorlar bilan uzoq muddatli va o‘zaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlash yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi.





