Nukus shahrida uchrashuv: Har bir murojaat ortida inson taqdiri turibdi
2026-06-29 09:25:00 / Yangiliklar
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi M.Axmedova ishtirokida tasdiqlangan reja-grafik asosida aholi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri va ochiq muloqotni ta’minlash maqsadida navbatdagi fuqarolar qabuli bo‘lib o‘tdi. Mazkur muloqot shunchaki rasmiy uchrashuv emas, fuqarolarning dardu tashvishlariga amaliy yechim topish, ularni qiynayotgan hayotiy masalalarni tizimli hal etish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi.

Samimiy va ishchan ruhda o‘tgan qabulda fuqarolar o‘zlarining dolzarb muammolari, shaxsiy va ijtimoiy tashabbuslari bilan ishtirok etdi. Murojaatlarning asosiy qismi uy-joy va kommunal soha, bandlikni ta’minlash hamda ijtimoiy ko‘makka muhtoj oilalarni qo‘llab-quvvatlash kabi masalalarini qamrab oldi.
E’tiborli jihati, muloqot davomida yuzaki yondashuvlardan butunlay voz kechildi. Har bir murojaat respublika miqyosidagi mas’ul idoralar va soha rahbarlari ishtirokida chuqur tahlil qilindi. Joyida hal etish imkoni bo‘lgan muammolar zudlik bilan bartaraf etilgan bo‘lsa, vaqt va o‘rganish talab qiladigan har bir ariza shaxsan nazoratga olinib, ijrosi bo‘yicha aniq muddatlar hamda mas’ullar belgilandi.





