Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining xalqqa murojaati
2026-06-09 17:50:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Shuni inobatga olgan holda, mamlakatimizda aholi murojaatlari bilan ishlash tizimini yanada takomillashtirish, fuqarolarning dard-u tashvishlarini o‘z vaqtida hal etish, davlat organlari faoliyatining ochiqligi va xalqchilligini ta'minlash masalalari doimiy e’tibor markazimizda ekanligini alohida ta'kidlashimiz zarur.
Shu ma'noda, Muhtaram Prezidentimizning raisligida “Aholi murojaatlari bilan ishlash tizimini yanada takomillashtirish, murojaatlarni ko‘rib chiqish samaradorligini oshirish hamda joylardagi mavjud muammolarni tizimli hal etish” masalalariga bag'ishlangan videoselektor yig'ilishida muhim vazifalar belgilab berildi. Mazkur topshiriqlar ijrosini ta'minlash maqsadida Qoraqalpog'iston Respublikasida ham murojaatlar bilan ishlashning zamonaviy va samarali mexanizmlarini joriy etish, fuqarolar bilan bevosita muloqotni kuchaytirish, sayyor qabullar sonini oshirish hamda har bir murojaatning mohiyatiga chuqur yondashish bo‘yicha izchil ishlar olib borilmoqda.
Shu o‘rinda, joriy yil davomida Qoraqalpog'iston Respublikasida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash, ularni o‘z vaqtida va sifatli ko‘rib chiqish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilganini qayd etish lozim.
Hisobot davrida, Prezident Virtual va Xalq qabulxonalari orqali Qoraqalpog'iston aholisidan jami 16 ming 384 ta murojaat kelib tushgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan
1,1 foizga kamaygan.
Shundan, ko‘rib chiqilgan 13 ming 25 ta murojaatning
7 ming 365 tasi (56,5%) ijobiy hal etilgan, 5 ming 660 ta murojaatga tushuntirish berilgan, 3 ming 359 ta murojaat ko‘rib chiqish jarayonida.
Davlatimiz rahbari tomonidan aholining roziligini ta'minlash maqsadida olib borilayotgan keng ko‘lamli islohatlar natijasida, ya’ni hududlarda investitsiya va mikroloyihalarining ishga tushirilishi orqali aholi bandligini ta'minlanishi hamda aholining ijtimoiy muammolarining hal etilishi natijasida qo‘yidagi masalalarda murojaatlar soni kamayishi hamda aholi roziligiga erishildi.
Jumladan,
- Uy-joy bilan ta'minlash masalasida (267/133) - 49% kamaygan;
- Yashash sharoitlarini yaxshilash, uy-joyni ta'mirlash va qurish uchun yordam masalasida (603/330) – 46 %;
- Davolanish va jarrohlik amaliyoti uchun moddiy yordam masalasida (343/260) – 25%;
- Ish bilan ta'minlash so‘rovi masalasida (576/438) – 24 %;
- Ijro hujjatlari bo‘yicha qarz undirish masalasida (322/268) – 17%;
- Jinoyatlarga, jumladan firibgarlikka oid xabarlar masalasida (195/169) – 13% kamaygan.
Shuningdek, jamoaviy murojaatlar soni o‘tgan yilga nisbatan
4,5 foizga kamaygan (156/149).
Jamoaviy murojaatlarda asosan quyidagi masalalar ko‘tarilgan.
Ichki yo‘llarni ta'mirlash (20), ish haqi to‘lash (11), tergov harakatlaridan norozilik (8), elektr tarmoqlarini qurish (6), tomorqasini sug'orish (3), ko‘prikni ta'mirlash (3), buzilgan uylarga kompensatsiya berish (2) va boshqa masalalar ko‘tarilgan.
Aholi muammolarini o‘rganish, ularga echim topish maqsadida vazirlik va tashkilotlar rahbarlari, hokimlar tomonidan mahallalarda sayyor qabullar tashkil etildi.
Jumladan, joriy yil 5 oy davomida rahbarlar tomonidan
2 750 ta sayyor qabul tashkil etildi, qabullarda kelib tushgan
6 977 ta murojaatlarning 3 437 tasi ijobiy hal qilingan,
1 619 tasiga asosli tushuntirishlar berilgan va 1 975 ta murojaat ko‘rib chiqilmoqda.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
2026 yil 1-apreldagi PF-51-son farmonida, Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahri, tuman (shahar) hokimlari tegishli Xalq qabulxonasiga jamoatchilik asosida rahbarlik qiladi hamda barcha tuman (shahar) hokimlari muntazam ravishda Xalq qabulxonasida fuqarolarni shaxsan qabul qilib borishi belgilangan edi.
Natijada, tuman va shahar hokim va o‘rinbosarlarining shaxsiy qabullar jadvali ishlab chiqilgan hamda tegishli ravishda hokimliklarning veb-saytlari va telegramm kanallarida joylashtirilib, joriy yil iyun oyidan boshlab qabullar o‘tkazilib kelinmoqda.
Ma'lumot uchun, joriy yilning 1-6 iyun kunlari 86 ta qabullar o‘tkazilgan. Qabullarda 192 ta murojaatlar tinglanib, 33 tasi joyida ijobiy hal etilgan.
Hurmatli yurtdoshlar! Kelgusida ham murojaatlar bilan ishlash samaradorligini oshirish, fuqarolarni qiynayotgan muammolarni o‘z vaqtida hal etish hamda aholining davlat organlariga bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamlash bo‘yicha ishlar izchil davom ettiriladi.
E’tiboringiz uchun rahmat.
