Vazir qoraqalpogʻistonlik talabalar bilan muloqot qildi
2026-05-14 17:00:00 / Yangiliklar

Madaniy sayohatning ikkinchi qismi «Toshkent City"» hududida davom etdi. U yerda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Qoʻngʻirotboy Sharipov qoraqalpogʻistonlik talabalar bilan muloqot qildi.
Uchrashuv davomida Innovatsion texnologiyalar universiteti talabalari Islom sivilizatsiyasi markazida koʻrgan ekspozitsiyalar, tarixiy manbalar va ajdodlar merosi ularda katta taassurot qoldirganini taʼkidladilar. Yoshlar bunday tashriflar ularning dunyoqarashi, milliy gʻururi va ilmga boʻlgan qiziqishini yanada oshirishini qayd etdilar.
Muloqot chogʻida mamlakatimizda talabalar uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlar, taʼlim sifati va yoshlarning intellektual salohiyatini qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan islohotlar xususida atroflicha fikr almashildi. Xususan, oliy taʼlim qamrovini kengaytirish, zamonaviy bilim va koʻnikmalarni shakllantirish, xalqaro taʼlim dasturlarini joriy etish hamda talabalarning ilmiy va innovatsion faolligini ragʻbatlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida soʻz yuritildi.
Shuningdek, yoshlarning startap va innovatsion gʻoyalarini qoʻllab-quvvatlash, ularni ilmiy tadqiqotlarga keng jalb etish, zamonaviy kasb va texnologiyalarni egallashi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Talabalar oʻzlarini qiziqtirgan savollar, tashabbus va takliflarini ilgari surib, kelgusida yurtimiz taraqqiyotiga munosib hissa qoʻshish istagini bildirdilar.







