Energetika sohasida yangi investitsiya loyihalari muhokama qilindi
2026-03-30 19:30:00 / Yangiliklar

Hududda sanoat infratuzilmasini rivojlantirish va energiya ta’minoti barqarorligini ta’minlash maqsadida Xitoy Xalq Respublikasidan tashrif buyurgan investorlar bilan uchrashuv tashkil etildi. Mazkur uchrashuvda yuqori kuchlanishli va past kuchlanishli konteyner turidagi kuch transformator uskunalarini hamda elektromobillarni quvvatlash uskunalarini ishlab chiqarish bo‘yicha hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.
Muloqot davomida xorijiy investorlar uchun mamlakatimizda yaratilgan qulay investitsion muhit, soliq va bojxona imtiyozlari, shuningdek, erkin iqtisodiy zonalar imkoniyatlari haqida batafsil ma’lumotlar taqdim etildi. Ta’kidlanganidek, amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar xorijiy sarmoyadorlar uchun yanada keng imkoniyatlar eshigini ochmoqda.
Shundan so‘ng, tomonlar zamonaviy energetika uskunalarini hududda mahalliylashtirish asosida ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish masalasini atroflicha ko‘rib chiqdilar. Loyihani amalga oshirish orqali yangi ish o‘rinlari yaratish, ilg‘or texnologiyalarni jalb etish hamda hududning eksport salohiyatini oshirish ko‘zda tutilmoqda.
Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirish, kelgusida aniq loyihalarni hayotga tatbiq etish yuzasidan kelishuvlarga erishdilar. Mazkur tashabbus hududning sanoat salohiyatini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etishi kutilmoqda.


