Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi bilan Xitoy Xalq Respublikasining “Chian Ningbo Guangyuan Investment Co., Ltd” kompaniyasi o‘rtasida hamkorlik to‘g'risida memorandumi imzolandi
2026-03-28 19:35:00 / Yangiliklar

Mamlakatimizda qurilish va uy-joy qurilishi sohasida ilg‘or tajribalarni joriy etish, zamonaviy yondashuvlarni keng qo‘llash hamda o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish yo‘lida yana bir muhim qadam qo‘yildi. Bugun Xitoy kompaniyasi bilan hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum imzolandi.
Mazkur hujjat ikki tomon o‘rtasida iqtisodiy va ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan loyihalarni amalga oshirish, tajriba almashish hamda innovatsion rivojlanishni qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi. Memorandum doirasida bir qator istiqbolli yo‘nalishlarda hamkorlik qilish belgilab olindi.
Xususan, kelishuvga muvofiq, Xo‘jayli tumanida barpo etilishi rejalashtirilgan “Yoshlar ijtimoiy-iqtisodiy markazi”ni zamonaviy infratuzilmaga ega ijtimoiy soha ob’ektlari, madaniy-ma’rifiy maskanlar, IT yo‘nalishidagi ta’lim muassasalari, loyiha ofislari hamda startaplar texnoparki tashkil etilishi ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, yoshlar bandligini ta’minlashga qaratilgan ishlab chiqarish korxonalarini ishga tushirish, innovatsion g‘oyalarni qo‘llab-quvvatlash, startap loyihalarni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratiladi. Hamkorlik doirasida mutaxassislarni kasbiy tayyorlash va ularning malakasini oshirishga qaratilgan ta’lim loyihalarini amalga oshirish ham muhim yo‘nalish sifatida belgilangan.
Bundan tashqari, muhandislik xizmatlarini rivojlantirish, arzon uy-joy qurilishi loyihalarini ilgari surish, kommunal infratuzilmani modernizatsiya qilish, investitsiya loyihalarini qo‘llab-quvvatlash hamda qurilish sohasiga grant mablag‘larini jalb etish bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.
Ushbu memorandum ikki tomonlama hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqib, hududlarda zamonaviy infratuzilmani shakllantirish, iqtisodiy faollikni oshirish hamda, eng muhimi, yoshlar uchun keng imkoniyatlar yaratishga xizmat qiladi.




