Amudaryo tumanida chigit ekish ishlarini sifatli tashkil etish bo‘yicha muhim seminar o‘tkazildi
2026-03-25 17:55:00 / Yangiliklar

Mazkur seminarda Qoraqalpog’iston Respublikasi Vazirlar Kengashining Raisi Farxod Ermanov ishtirok etdi. Shuningdek, barcha tuman hokimlari, tumanlarga biriktirilgan mas’ul vakillar, tuman hokimlarining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari, shuningdek, sohaga daxldor tashkilot va idoralar rahbarlari qatnashdi.
Seminar davomida mutaxassislar tomonidan chigit ekish jarayonini agrotexnik talablar asosida tashkil etish, yerlarni sifatli tayyorlash, zamonaviy texnika va innovatsion yondashuvlardan samarali foydalanish, suv resurslaridan oqilona foydalanish hamda yuqori hosildorlikka erishish omillari yuzasidan batafsil tushuntirishlar berildi.
Shuningdek, dala sharoitida amaliy ko‘rgazmali mashg‘ulotlar o‘tkazilib, chigitni ekish texnologiyasi, texnikalarning sozligi va ularni to‘g‘ri boshqarish masalalari amalda ko‘rsatib berildi. Ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan atroflicha javob oldilar.
Seminar yakunida mas’ullarga hududlarda chigit ekish ishlarini o‘z vaqtida, sifatli va belgilangan agrotexnik muddatlarda amalga oshirish, mavjud imkoniyatlardan to‘liq foydalanish hamda nazoratni kuchaytirish bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berildi.
Mazkur seminar qishloq xo‘jaligida samaradorlikni oshirish, hosildorlik ko‘rsatkichlarini yaxshilash va joriy yilgi paxta mavsumini muvaffaqiyatli tashkil etishda muhim ahamiyat kasb etadi.









