Zamonaviy paxtachilik: samaradorlik sari yangi qadam
2026-02-23 11:55:00 / Yangiliklar

Seminarga Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi F.Ermanov rahbarlik qildi. Unda To‘rtko‘l, Ellikqal’a, Amudaryo va Beruniy tumanlari hokimlari, soha mutaxassislari hamda fermerlar ishtirok etdi.
Seminarda paxta maydonlarini 76x10 sm. li qo‘shqator sxemasiga o‘tkazishning afzalliklari atroflicha ko‘rib chiqildi. Mazkur usul bir gektardagi tup sonini ko‘paytirish orqali hosildorlikni oshiradi, shu bilan birga paxta terish texnikalarining samarali ishlashini ta’minlaydi. Plyonka ostiga ekish esa namlikni saqlash, o‘g‘itlar samaradorligini oshirish hamda ko‘chatlarning baravar unib chiqishiga xizmat qiladi.
Amaliy jarayonda zamonaviy seyalka va kultivatorlarning ishlash tartibi namoyish etildi, fermerlarga aniq tavsiyalar berildi.
Joriy yilda To‘rtko‘l tumanida 2090 gektar maydonda plyonka ostiga qo‘shqator usulida chigit ekish, 5710 gektar ochiq maydonda esa qo‘shqator sxemasini qo‘llash rejalashtirilgan.
Shuningdek, g‘allani birinchi oziqlantirish, dala madaniyatini oshirish, qishloq xo‘jaligi texnikalarini mavsumga tayyorlash hamda 2026-yil hosili uchun kartoshka yetishtirish masalalari ham muhokama qilindi.
Seminar yakunida har bir tuman hokimi 2026-yil hosili uchun qo‘shqator usulida chigit ekish bo‘yicha belgilangan rejalari bilan tanishtirdi.
Zero, ilg‘or texnologiyalarni amaliyotga joriy etish — yuqori hosil va barqaror rivojlanish garovidir.









