Korrupsiyaga qarshi qat’iy va tizimli kurash — taraqqiyotning muhim sharti
2026-01-27 10:40:00 / Yangiliklar

2025-yil 26-dekabr kuni muhtaram Prezidentimizning O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga va xalqimizga yo‘llagan navbatdagi Murojaatnomasi mamlakatimiz taraqqiyotida yangi bosqichni boshlab berdi. Unda jamiyat va davlat rivojiga to‘sqinlik qilayotgan muammolar ochiq va tanqidiy ruhda tahlil qilinib, ularni bartaraf etishga qaratilgan aniq vazifalar belgilandi.
Murojaatnomada korrupsiya illatiga qarshi kurash masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Ta’kidlanganidek, korrupsiya nafaqat iqtisodiy o‘sishga, balki adolat, qonun ustuvorligi va fuqarolarning davlatga bo‘lgan ishonchiga jiddiy zarar yetkazmoqda. Shu bois ushbu illatga qarshi kurashni yangi bosqichga olib chiqish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi sifatida belgilandi.
Prezidentimiz ushbu masalada qat’iy pozitsiyasini bildirib, “Mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha 2026-yilda ‘favqulodda holat’ e’lon qilamiz”, deya ta’kidladi. Bu fikr davlat boshqaruvida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, mas’ul shaxslarning javobgarligini kuchaytirish hamda korrupsion holatlarga mutlaqo murosasiz munosabatni shakllantirishga qaratilgan muhim siyosiy irodaning yaqqol ifodasidir.
Murojaatnomada belgilangan vazifalar korrupsiyaga qarshi kurashishda barcha davlat organlari, jamoatchilik institutlari va fuqarolarning faol ishtirokini talab etadi. Qonun ustuvorligini mustahkamlash, davlat xizmatlarini raqamlashtirish, ochiqlikni kengaytirish orqali ushbu illatga barham berish mumkinligi alohida qayd etildi.
Shu tariqa, Prezidentimiz Murojaatnomasida ilgari surilgan g‘oya va tashabbuslar mamlakatimizda korrupsiyadan xoli muhitni shakllantirish, adolatli jamiyat barpo etish va barqaror taraqqiyotga erishishda muhim dasturilamal bo‘lib xizmat qiladi.





