Qoraqalpog‘iston Respublikasining mahalliy byudjeti tasdiqlandi
2026-01-12 09:40:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston Respublikasining "2026-yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida"gi Qonuni asosida, Parlament qarori bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi byudjetining 2026-yilgi daromadlari 3 815,5 mlrd. so‘m va xarajatlari 6 314,0 mlrd. so‘m miqdorida hamda respublika byudjetidan ajratiladigan tartibga soluvchi byudjetlararo transfertlar 2 498,5 mlrd. so‘m miqdorida belgilandi.
Respublikamizning 2026-yil uchun tasdiqlangan mahalliy byudjet (6 314,0 mlrd. so‘m) xarajatlarining 66,1 foizi aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga, 11,9 foizi iqtisodiyot xarajatlariga, 3,4 foizi markazlashgan investitsiyalarni moliyalashtirishga, 11,1 foizi davlat boshqaruvi organlarini saqlashga, qolgani saqlanadigan, fuqarolarning faol jamg‘armalariga va boshqa xarajatlarga sarflanishi nazarda tutilgan.
Joriy yilgi mahalliy byudjet parametrlarida aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga o‘tgan 2025 yilga nisbatan 112,2 foizga, markazlashgan investitsiyalarni moliyalashtirishga esa, qariyb 4 barobar ko‘p mablag‘ ajratilganini ko‘rish mumkin.
Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasini 2026 yilda rivojlantirishning asosiy makroiqtisodiy prognozi hamda 2027-2028 yillar uchun maqsadli rejalar belgilanib, 2026 yilda yalpi hududiy mahsulotni 57,9 trln. so‘mga, uning o‘sish sur’atini 6,2 foizga yetkazish mo‘ljallangan. Shu bilan birga, joriy yilda sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishda 6,5 foiz, qishloq, o‘rmon va baliqchilik xo‘jaliklarida mahsulot yetishtirishda 3,9 foiz, bozor xizmatlarida 17,5 foiz, qurilish ishlarida esa 8,2 foiz o‘sishga erishish prognoz qilingan.
Qoraqalpog‘iston Respublikasining 2026 yilgi mahalliy byudjetini tasdiqlash to‘g‘risida qabul qilingan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Oliy Kengashining qarori bilan mahalliy byudjetga va davlat maqsadli jamg‘armalariga tushumlarning to‘liq va o‘z vaqtida kelib tushishi hamda byudjet mablag‘larining sarflanishi ustidan nazorat o‘rnatish bo‘yicha bir qator davlat organlariga tegishli vazifalar yuklatildi.
