Sport sohasida 2025-yil natijalari, mavjud kamchiliklar va keyingi ustuvor rejalar muhokama etildi
2026-01-08 15:35:00 / Yangiliklar

Muhtaram Prezidentimizning rahbarligida 2025-yil 13-fevral kuni o‘tkazilgan videoselektor yig'ilishida belgilangan topshiriqlarga muvofiq olimpiya sport turlari bo‘yicha uch bosqichli “Yangi O‘zbekiston Olimpiya cho‘qqilari” sport musobaqalarini yuqori saviyada tashkil etish hamda ushbu musobaqalar g'oliblarining “Prezident Olimpiadasi” final bosqichida ishtirokini ta'minlash vazifalari belgilangan edi.
Majlisda mazkur musobaqalarni o‘tkazishdan asosiy maqsad 2028 yilda Los-Anjeles shahrida bo‘lib o‘tadigan Olimpiya o‘yinlariga sportchilarni tizimli va maqsadli tayyorlashdan iborat ekani ta'kidlandi.
Yig'ilish davomida sport federatsiyalari faoliyati alohida tahlil qilindi. Yurtimizda sportni rivojlantirish uchun keng imkoniyatlar va zarur infratuzilma yaratilganiga qaramasdan, ayrim federatsiyalar faoliyatida jiddiy kamchiliklar mavjudligi tanqidiy qayd etildi.
2025-yil ko‘rsatkichlari tahliliga ko‘ra, Qilichbozlik, Eshkak eshish, Voleybol, Sport kurashlari va ayollar kurashi, Basketbol, Gandbol, Regbi, Taekvando (WT), Velosport, Gimnastika, Futbol, Boks va Og'ir atletika federatsiyalari tomonidan jahon, Osiyo va xalqaro musobaqalarda munosib ishtirok etish, yuqori o‘rinlarni qo‘lga kiritish hamda litsenziyalar olish borasida muayyan ishlar amalga oshirilgani qayd etildi.
Shu bilan birga, ayrim sport federatsiyalarining faoliyatida rejali ish olib borilmayotgani, selektsiya, zaxira sportchilar tayyorlash, murabbiylar bilan ishlash va xalqaro musobaqalarga puxta tayyorgarlik ko‘rish masalalari yetarli darajada tashkil etilmagani aniqlandi.
Yig'ilishda mas’ul rahbarlar va federatsiya rahbarlarining hisobotlari tinglanib, mavjud kamchiliklarni bartaraf etish, ish samaradorligini oshirish hamda natijaga yo‘naltirilgan tizimli faoliyatni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha aniq vazifalar belgilandi. Shuningdek, sport sohasida shaxsiy javobgarlikni kuchaytirish, har bir federatsiyadan aniq natija talab etish lozimligi qat’iy ta'kidlandi.
Yig'ilish yakunida belgilangan vazifalar ijrosini ta'minlash yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.






