Agentlik haqida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 19-noyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qoʻmitasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-347-son Farmoniga muvofiq Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Kadastr agentligining tashkiliy bo‘ysunuvi o‘zgartirilib, Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qoʻmitasi bo‘ysunuviga o‘tkazildi.
Geodeziya va kartografiya faoliyati sohasi, davlat kadastrini yuritish sohasi, ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish sohasi, davlat yer, kadastr va geodeziya nazoratini ta’minlash Agentlikning asosiy yo‘nalishlari hisoblanadi.
Bizning sohada 8000 dan ortiq kishi ishlaydi. Davlat kadastrlari palatasi, Respublika aerogeodeziya markazi, Davlat kartografiya-geodeziya jamg‘armasi, “Kartografiya” davlat ilmiy ishlab chiqarish korxonasi, “Geoinnovatsiya markazi” DM, “Kompyuterlashtirish va geoaxborot texnologiyalarini joriy etish va rivojlantirish markazi” DM, Ko‘chmas mulkni ommaviy baholash milliy markazi, “Fazoviy ma’lumotlar infratuzilmasi, geodeziya, kadastr yo‘nalishida kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish markazi” davlat muassasasi kabi 8 ta idoraviy mansub tashkilot mavjud. Bundan tashqari, har bir mintaqada Agentlikning viloyat boshqarmalari mavjud.
Davlat xizmatlari haqida gapirganda, bugungi kunda Kadastr agentligi asosan 11 turdagi davlat xizmatlarini taqdim etadi:
- Ko‘chmas mulk huquqlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish;
- Ko‘chmas mulk obyektlari uchun kadastr pasportini tayyorlash;
- Bino va inshootlar ijarasi shartnomalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish;
- Servitut shartnomalarini Davlat ro‘yxatidan o‘tkazish;
- Ipoteka va ipoteka shartnomalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish;
- Mulkda uy-joy borligi (yo'qligi) to'g'risida ma'lumot berish;
- Uy-joy maydoni haqida ma’lumot berish;
- Ko‘chmas mulk obyektlarining manzillarini tayinlash, o‘zgartirish va tugatish;
- Geodeziya-kartografiya faoliyatini litsenziyalash;
- Bino va inshootlarni qurish (rekonstruksiya qilish) bilan tugallangan foydalanishga qabul qilish.
- Ko‘chmas mulk haqida ma’lumot berish;
Yuqorida qayd etilgan barcha xizmatlar Davlat xizmatlari markazlari va yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YIDXP) orqali taqdim etiladi.
