QURILISH TAQIQLANGAN HUDUDGA TUSHIB QOLGAN UY-JOY BO‘YICHA HUQUQ E’TIROF ETILISHI QAYTA KO‘RIB CHIQILISHI MUMKIN
2026-08-21 14:30:00 / Yangiliklar

Fuqarolar uchun muhim ma’lumot!
Agar o‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkasi yoki unda qurilgan bino va inshootlarning bir qismi qurilish taqiqlangan hududga tushib qolgan bo‘lsa, bu holat aniqlanganda huquqlarni e’tirof etish masalasi avtomatik ravishda yakunlanmaydi.
O'RQ-1153-sonli Qonunga ko‘ra:
🔹 Qurilish taqiqlangan hududga tushib qolgan qism ajratib tashlanadi;
🔹 Yer uchastkasining qolgan qismiga nisbatan huquqlarni e’tirof etish imkoniyati qayta ko‘rib chiqiladi;
🔹 Tegishli vakolatli tashkilotlar ma’lumotlarni 5 ish kuni ichida qayta ko‘rib chiqib, asoslantirilgan xulosa kiritadi;
🔹 Agar qolgan qism bo‘yicha huquqlarni e’tirof etish maqsadga muvofiq deb topilsa, 🌟Kadastr agentligining 🌟Davlat kadastrlari palatasi tuman (shahar) filiallari elektron yig‘majildga 25 kun ichida tegishli o‘zgartirishlarni kiritadi;
🔹 Agar qolgan qism bo‘yicha ham huquqlarni e’tirof etish maqsadga muvofiq emas deb topilsa, ushbu holat huquqlarni e’tirof etishni rad etish uchun asos bo‘lishi mumkin.
Muhimi: qurilish taqiqlangan hududga tushib qolganlik holati aniqlangan taqdirda, masala har bir obyekt bo‘yicha alohida o‘rganiladi. Ya’ni, taqiqlangan hududga tushgan qism mavjudligi har doim ham yer uchastkasining butun maydoni bo‘yicha huquq e’tirof etilmaydi, degani emas.
Fuqarolarga tavsiya: xatlov yoki huquqlarni e’tirof etish jarayonida obyektning joylashuvi, maydoni va qurilish taqiqlangan hududga tushgan-tushmaganini aniqlashtirish uchun tegishli vakolatli tashkilotlarga murojaat qilishingiz mumkin.
Qonunni bilish — o‘z huquqingizni bilishdir!
