Toshkent viloyati,O‘rta Chirchiqda sug‘oriladigan yer maydonidan noqonuniy foydalanish holati aniqlandi
2026-02-04 15:50:00 / Yangiliklar

Kadastr agentligining Toshkent viloyati boshqarmasi Yer va kadastr nazorati sho‘basi tomonidan O‘rta Chirchiq tumanida o‘tkazilgan nazorat tadbirlari davomida yer maydonidan maqsadsiz foydalanish holati aniqlandi.
Aniqlanishicha, tumanning “Sof oq oltin” massividagi davlat zaxira yerlari tarkibidan fuqaro V.K. Oilaviy korxonasiga 2019-yil 29-yanvardagi hokim qaroriga asosan qishloq xo‘jaligi xaritasining 245, 246 va 247-konturlaridan jami 4,33 gektar yer maydoni quyonchilik yo‘nalishida foydalanish uchun 30 yil muddatga ijara asosida ajratilgan.
O‘tkazilgan o‘rganishlar va joyiga chiqib ko‘zdan kechirish ishlari natijasida ijaraga berilgan hududning 245 hamda 247-konturlarida joylashgan jami 2,38 gektar sug‘oriladigan ekin yer maydonida belgilangan maqsadga zid ravishda o‘zboshimchalik bilan sun’iy baliqchilik xo‘jaligi tashkil etilgani aniqlandi.
Mutaxassislar tomonidan yer maydonining holati, foydalanish tartibi va huquqiy asoslari batafsil o‘rganilib, aniqlangan qonunbuzilish holati yuzasidan tegishli hujjatlar rasmiylashtirildi.
Amaldagi qonunchilikka muvofiq, sug‘oriladigan yerlar alohida muhofaza qilinadigan yer toifasiga kiradi. Ushbu turdagi yer maydonlaridan belgilangan maqsadga zid ravishda foydalanish hamda tuproq unumdorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi faoliyat bilan shug‘ullanish taqiqlanadi.
Kadastr organlari tomonidan yerlardan oqilona va maqsadli foydalanish ustidan nazorat tadbirlari tizimli ravishda davom ettirilmoqda.
Mazkur holat yuzasidan to‘plangan materiallar belgilangan tartibda prokuratura organlariga yuborildi.


