RASMIY MUNOSABAT
2026-02-03 14:55:00 / Yangiliklar

Ijtimoiy tarmoqlarda hujjatsiz yer uchastkalariga kadastr hujjatlarini rasmiylashtirishning go‘yoki “3 ta yo‘li” mavjudligi haqida tarqatilayotgan xabarlar yuzasidan quyidagilar ma’lum qilinadi.
1-yo‘li to‘g‘ri ammo ma’lumot to‘liq emas.
937-son qonun aynan o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish maqsadida qabul qilingan. Qonunda quruq o‘rab olingan va hech qanday qurilishlari mavjud bo‘lmagan yerlar ko‘rib chiqilmasligi belgilangan.
2-yo‘li noto‘g‘ri.
Vazirlar Mahkamasi qonun emas qarorlar qabul qiladi.
Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 14-fevraldagi 71-son qarori bilan reglament va nizomlar tasdiqlangan.
1-ilova o‘ziga, e’tibor bering, o‘ziga doimiy foydalanish (egalik qilish), ijara va meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi asosida tegishli bo‘lgan yer uchastkalarini xususiylashtirish bo‘yicha reglament.
2-ilova tadbirkorlik uchun bo‘sh yer uchastkasini auksionga chiqarish nizomi.
3-ilova uy-joy qurish uchun bo‘sh yer uchastkasini auksionga chiqarish nizomi.
Ya’ni ushbu reglament va nizomlarda hujjatsiz yerga kadastr qilish nazarda tutilmagan.
3-yo‘li noto‘g‘ri.
Fuqarolik kodeksining 187-moddasida egalik qilish huquqini vujudga keltiruvchi muddat belgilangan. Biroq Fuqarolik kodeksining 212-moddasida imorat qurilgan yer uchastkasining mulkdori bo‘lgan, unga umrbod meros sifatida egalik qilayotgan, doimiy egalik qilayotgan va foydalanayotgan shaxsning o‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratga nisbatan mulk huquqi sud tomonidan e’tirof etilishi mumkinligi belgilangan. Xabarda esa hujjatsiz yer haqida aytilmoqda. Shu sababli hujjatsiz yerni Fuqarolik kodeksining 187-moddasi orqali rasmiylashtirish imkoni yo‘q.
Xulosa o‘rnida
Ijtimoiy tarmoqlarda noto‘g‘ri axborotlarni tarqatish fuqarolarning ortiqcha ovora bo‘lishiga olib kelishi mumkin. Shu sababdan bunday noto'g'ri axborotni tarqatmasligingizni so'rab qolamiz.
