Sharof Rashidov tumanida yuqori sinf oʻquvchilarining 50 nafari mebelsozlik boʻyicha bepul oʻqitilmoqda
2024-12-16 08:45:00 / Yangiliklar
Ularning tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishiga va oʻz faoliyati yoʻnalishlarini mustaqil ravishda tanlashi va biznesni rivojlantirishga qaratilgan ishlarni kuchaytirishlari bugunning eng dolzarb masalalaridan biridir. Yosh tadbirkor Ulugʻbek Odilovning qishloq yoshlarini kasb-hunarga oʻqitish va tadbirkorlik faoliyatini boshlashga koʻmaklashish toʻgʻrisidagi loyihasi davlat granti uchun oʻtkazilgan tanlovda gʻolib deb topildi.
Bu haqda tadbirkor Ulugʻbek Odilovning oʻzidan eshitsak.
Loyiham Sharof Rashidov tumani Saroylik mahallasidagi maktab bitiruvchilarining bandligini taʼminlashga qaratilgandir. Mahalla aholisining 6000 nafaridan ortigʻini asosan yoshlar tashkil etadi. Har yili maktabni 250 nafarga yaqin oʻquvchi bitiradi. Ularning 20 foizi oliy taʼlim maskanlariga oʻqishga kirsa, 10 foizi oilaviy tadbirkorlik, 5-7 foizi oʻz kasbini topib ishlasa, qolgan yoshlar xorijga ishlashga ketishadi. Boshqa yoshlarning boʻsh qolishi esa turli huquqbuzarlik, ahloqsizlik va boshqa jinoyatlarning kelib chiqishiga sabab boʻlishi mumkin. Buning uchun oʻquvchilarni maktabni bitirmasidan kasb-hunarga oʻqitish eng adolatli yechimdir. Loyihamning asosiy maqsad va vazifalari hamkorlar bilan rejalarni tasdiqlab, jihozlarni oʻrnatish, yoshlarning qiziqishlarini hisobga olib, kasb-hunarga yoʻnaltirish, texnika xavfsizligi, ish yuritish qoidalari, tadbirkorlikni yuritish va rivojlantirish boʻyicha oʻquv soatlari tashkil etishdan iborat. Bunda maktab, ota-ona, mahalla hamkorligida amalga oshirilayotgan ishlarimiz nazorat qilib boriladi hamda yarmarka tashkil etish rejalashtirilgan.
Oʻquvchilarni guruhlarga boʻlgan holda loyiha doirasida mebel sexi tashkil etdik. “WORLD VISION” jamoat birlashmasida ijtimoiy korxona sifatida bitiruvchilarni kasb-hunarga oʻqitish boʻyicha yuqori sinf oʻquvchilarining 50 nafarini bepul oʻqitib, kasb-hunarga tayyorlab borayapmiz. 200 nafar kasb-hunarga oʻqitilgan yoshlar keyinchalik oʻrgangan bilimlari asosida oʻz tadbirkorliklarini boshlashlariga koʻmaklashamiz. Yoshlarning oʻz hududining xususiyatidan kelib chiqib, bandligiga koʻmaklashsak, ular uchun eng katta yordamimiz boʻladi, deb hisoblayman.
170 million soʻmlik davlat grantini qoʻlga kiritgan tadbirkor yogʻochga qayta ishlov berish dastgohlari va mebelsozlik uchun zarur boʻlgan jihozlarni mahalla markazida joylashgan sobiq xoʻjalik hisobidagi qurilish maydoni hududida tashkil etilgan sexga oʻrnatdi. Ayni paytda Isroil Toshtemirov, Javohir Isamboyev, Azimjon Ibragimov, Bobur Ilhomov, Vohidjon Sunnatov, Sohibjon Ochilov, Aziz Neʼmatov, Turon Ibrahimov hamda Ogʻabek Oqqoʻziyev singari yoshlar shu yerda ustozlaridan mebelsozlikning nozik sir-sinoatlarini oʻrganishayotir. Qisqasi, kichik korxonadagi faoliyat va bandlik yoshlarda oʻziga boʻlgan ishonch, masʼuliyat va davlat oldidagi burchni bajarish tuygʻusini uygʻotayotgan boʻlsa, ajabmas.