Talabalar uchun “Ochiq eshiklar kuni”
2024-12-11 08:00:00 / Yangiliklar
Jizzax viloyat soliq boshqarmasi tomonidan tashkil etilgan “Ochiq eshiklar kuni” tadbiri “Korrupsiya – rivojlanishimizga to‘siq” mavzusiga qaratildi.
Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetining Jizzax filiali iqtisod yo‘nalishi talabalari ishtirok etgan ushbu ochiq muloqotda asosiy e’tibor korrupsiyaga qarshi kurashishda soliq organlari xodimlarining vazifalari hamda soliq xizmatiga ishga kirish tartiblariga qaratildi.
Dastlab soliq organlari vakillari tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashishda tizimli yondashuvning ahamiyati, bu sohada olib borilayotgan islohotlarning o‘rni, soliq tizimi xodimlarining asosiy vazifalari, jumladan, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, davlat byudjetini shakllantirish va qonuniy iqtisodiy faoliyatni rag‘batlantirish borasidagi ishlar haqida batafsil ma’lumotlar berildi.
Shuningdek, soha mutaxassislari talaba-yoshlarga soliqchining odob-axloq qoidalari, tadbirkorlarga yordam berish tamoyili va korrupsiyaga qarshi kurashishning muhimligini atroflicha tushuntirib berdi.
Soliq organlariga ishga qabul qilish tartiblari to‘g‘risidagi ma’ruzalarni talabalar katta qiziqish va e’tibor bilan tingladi. Vakolatli shaxslar ishga qabul jarayoni, talab etiladigan malaka va tajriba hamda sohada muvaffaqiyatli ishlash uchun zarur ko‘nikmalar haqida batafsil tushunchalar berdi.
Tadbirning ikkinchi qismida talabalar soliq boshqarmasining turli bo‘limlari faoliyati bilan yaqindan tanishtirildi.
Ishtirokchilarga soliq hisoboti tayyorlash jarayonlari, to‘lovlarni nazorat qilish, tadbirkorlik sub’ektlari bilan ishlash va boshqa yo‘nalishlarda amalga oshirilayotgan ishlar ko‘rsatilib, hikoya qilib berildi.
Mazkur tadbir orqali universitet talabalari o‘zlarining nazariy bilimlarini amaliyotdagi jarayonlar bilan bog‘lash imkoniyatiga ega bo‘ldi.
“Ochiq eshiklar kuni” tadbiri nafaqat yoshlar uchun amaliy ahamiyat kasb etdi, balki soliq organlarining ochiqligini va aholi bilan yaqin hamkorligini ko‘rsatuvchi yana bir muhim qadam bo‘ldi. Bunday tadbirlar kelajakda yoshlarning davlat xizmatlariga bo‘lgan qiziqishini oshirish, shuningdek, bilim va ko‘nikmalarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Talaba-yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga soha mutaxassislaridan batafsil javoblar oldi.