Agentlik haqida
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Toʻlovga qobiliyatsizlik ishlari agentligi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 6-maydagi PF–78-son Farmoni asosida tashkil etilgan respublika ijro etuvchi hokimiyat organi hisoblanadi. Agentlik toʻlovga qobiliyatsizlik sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshiruvchi maxsus vakolatli davlat organidir.
Agentlikning faoliyati tadbirkorlik subyektlari va fuqarolarning moliyaviy barqarorligini taʼminlash, toʻlovga qobiliyatsizlik tizimini takomillashtirish, sudgacha sanatsiya institutini rivojlantirish hamda sohada zamonaviy, shaffof va raqamlashtirilgan boshqaruv tizimini joriy etishga qaratilgan.
Agentlikning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
- toʻlovga qobiliyatsizlik sohasida davlat siyosatini amalga oshirish, tartibga solish va nazorat qilish;
- davlat organlari hamda boshqa tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish;
- toʻlovga qobiliyatsizlik jarayonlarini raqamlashtirish va ortiqcha byurokratik tartib-taomillarni soddalashtirish;
- iqtisodiy nochor yuridik va jismoniy shaxslarni moliyaviy sogʻlomlashtirish choralarini amalga oshirish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratishga koʻmaklashish;
- jismoniy shaxslarning toʻlovga qobiliyatsizligi bo‘yicha hisob va tahlilni yuritish;
- sud boshqaruvchilariga malaka attestatini berish, ularning faoliyatini tashkil etish va nazorat qilish.
Agentlik o‘z faoliyatida qonun ustuvorligi, ochiqlik va shaffoflik, manfaatdor tomonlar bilan hamkorlik hamda zamonaviy raqamli texnologiyalarni keng joriy etish tamoyillariga amal qiladi. Shuningdek, xalqaro standartlar va ilg‘or xorijiy tajribalarni milliy amaliyotga tatbiq etish orqali toʻlovga qobiliyatsizlik tizimining samaradorligini oshirishga xizmat qiladi. Bu borada Yagona elektron platformani ishga tushirish va barcha asosiy jarayonlarni bosqichma-bosqich raqamlashtirish nazarda tutilgan.
Agentlikning asosiy maqsadi — moliyaviy qiyinchilikka duch kelgan tadbirkorlik subyektlari va fuqarolarning iqtisodiy faoliyatini tiklashga ko‘maklashish, kreditorlar hamda qarzdorlarning manfaatlari muvozanatini ta’minlash, investitsion muhitni yaxshilash va mamlakat iqtisodiyotining barqaror rivojlanishiga hissa qo‘shishdir.
