Jahon banki vakili bilan uchrashuv o‘tkazildi
2026-10-05 09:00:00 / Yangiliklar

Xalqaro to‘lovga qobiliyatsizlik regulyatorlari assotsiatsiyasi (IAIR) tadbirlari doirasida O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirlining birinchi o‘rinbosari M.Istamov Jahon bankining to‘lovga qobiliyatsizlik masalalari bo‘yicha eksperti U. Paterson bilan uchrashdi.
Uchrashuvda moliyaviy qiyinchilikka duch kelgan korxonalarni sog‘lomlashtirish, suddan tashqari va sud sanatsiyasi mexanizmlarini takomillashtirish masalalari muhokama qilindi.
Xususan, sanatsiyada ishtirok etayotgan korxonalarga nisbatan kredit risklarini baholash va zaxiralar shakllantirish bo‘yicha yondashuvlarni takomillashtirish, shuningdek, xalqaro tajribadan kelib chiqib yanada muvozanatli prudensial mexanizmlarni joriy etish yuzasidan fikr almashildi.
Uchrashuv yakunida to‘lovga qobiliyatsizlik sohasidagi islohotlar va ishlab chiqilayotgan normativ-huquqiy hujjatlar bo‘yicha Jahon banki bilan ekspertlik hamkorligini davom ettirishga kelishib olindi.

