O‘zbekiston delegatsiyasi IAIR Bosh yig‘ilishida ishtirok etdi
2026-10-02 16:10:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi delegatsiyasi Xalqaro to‘lovga qobiliyatsizlik regulyatorlari assotsiatsiyasi (IAIR)ning navbatdagi Bosh yig‘ilishida ishtirok etdi.
IAIR — dunyoning turli yurisdiksiyalarida to‘lovga qobiliyatsizlik sohasidagi davlat siyosati, qonunchilik, tartibga solish va amaliyot uchun mas’ul davlat organlarini birlashtiruvchi xalqaro tashkilotdir. Assotsiatsiya 1995-yilda tashkil etilgan bo‘lib, uning asosiy maqsadi a’zo davlatlarning vakolatli organlari o‘rtasida hamkorlik va tajriba almashinuvini rivojlantirish, to‘lovga qobiliyatsizlik tizimlarini takomillashtirish bo‘yicha ilg‘or yondashuvlarni o‘rganish hamda samarali tartibga solish amaliyotini rivojlantirishdan iborat.
Bugungi kunda IAIR tarkibida 38 ta davlatdan 42 nafar davlat tashkiloti, jumladan vazirliklar, agentliklar va to‘lovga qobiliyatsizlik sohasidagi boshqa vakolatli davlat organlari a’zo hisoblanadi.
Bosh yig‘ilish davomida IAIR raisi va joriy yilgi tadbir mezboni — Kanada Bankrotlik bo‘yicha superintendenti Elisabeth Lang Assotsiatsiyaning o‘tgan davrdagi faoliyatini sarhisob qildi. Xususan, a’zo tashkilotlar o‘rtasida amaliy tajriba almashishni kengaytirish, to‘lovga qobiliyatsizlik sohasidagi zamonaviy tartibga solish yondashuvlarini muhokama qilish, xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni rivojlantirish hamda IAIR doirasidagi professional aloqalarni mustahkamlash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar qayd etildi.
Shuningdek, IAIR Ijrochi kotibining moliyaviy hisoboti, Assotsiatsiya faoliyatining kelgusidagi ustuvor yo‘nalishlari va a’zolar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada faollashtirish masalalari muhokama qilindi.
Bosh yig‘ilish doirasida O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi To‘lovga qobiliyatsizlik ishlari agentligining IAIRga a’zo bo‘lgani alohida ta’kidlandi.
Mazkur a’zolik Agentlikka yetakchi xorijiy regulyatorlar bilan bevosita hamkorlik qilish, qonunchilik va amaliyotni takomillashtirish bo‘yicha xalqaro tajribani o‘rganish, shuningdek, to‘lovga qobiliyatsizlik sohasidagi zamonaviy yondashuvlarni milliy tizimga joriy etish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.
Yig‘ilish yakunida IAIRga kelgusi yilgi raislik Irlandiya to‘lovga qobiliyatsizlik ishlariga mas’ul organlariga topshirildi.




