Matbuot anjumani o‘tkazildi
2026-10-29 11:15:00 / Yangiliklar

29-oktabr kuni Sanoat kooperatsiyasi va davlat xaridlari agentligida 2026-yilning 9 oylik faoliyati yakunlariga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Anjumanning asosiy mavzusi davlat va yirik sanoat buyurtmalari, investitsiya loyihalari hamda import tarkibidagi mavjud talabning qancha qismi O‘zbekistonda real ishlab chiqarish, yangi mahsulot va mahalliy korxonalar uchun buyurtmaga aylanayotgani.
2026-yilning o‘tgan 9 oyida davlat xaridlarining umumiy hajmi 281,8 trln so‘mni, o‘zlashtirilgan xorijiy investitsiyalar esa 42,6 mlrd dollarni tashkil etdi.
Importdan mahalliy ishlab chiqarishga.
To‘qqiz oyda mahalliylashtirish dasturi doirasida 117 trln so‘mlik mahsulot ishlab chiqarildi. 88 turdagi yangi mahsulot o‘zlashtirildi, 10,4 mingta yangi ish o‘rni yaratildi.
Import o‘rnini bosish samaradorligi 6,2 mlrd dollarga yetdi. 176 turdagi mahsulot importi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 838 mln dollarga qisqardi.
Shu bilan birga, ishlab chiqarish uchun hali foydalanilmagan bozor imkoniyatlari ham aniqlanmoqda. Tahlillar asosida umumiy qiymati 1,6 mlrd dollar bo‘lgan 50 turdagi mahsulot mahalliylashtirish uchun tadbirkorlarga tavsiya etildi.
Mahalliy korxonaga real buyurtma qancha yetib bordi?
Sanoat kooperatsiyasi doirasida o‘tkazilgan “Milliy sanoat zanjiri” tarmoq ko‘rgazmalari yakunida 85 ta buyurtmachi va 2 836 ta yetkazib beruvchi o‘rtasida 4,9 trln so‘mlik 13 561 ta davlat xaridi shartnomasi tuzildi.
“Shatakka olish” mexanizmi orqali esa 201 ta mahalliy korxonada ishlab chiqarilgan 368 turdagi mahsulot 2,3 trln so‘mga xarid qilindi.
Biroq asosiy rezerv faqat amaldagi shartnomalarda emas. Kelajakdagi 76 ta loyiha doirasida 1,72 mlrd dollarlik 933 turdagi mahsulotni O‘zbekistonda ishlab chiqarish imkoniyati aniqlangan.
Bu ko‘rsatkichlar sanoat kooperatsiyasidagi asosiy vazifa tayyor mahsulotni xarid qilish bilangina cheklanmasdan, hali import qilinayotgan yoki kelgusida talab paydo bo‘ladigan mahsulotlar bo‘yicha mahalliy ishlab chiqarishni oldindan shakllantirish ekanini ko‘rsatmoqda.
42,6 mlrd dollarlik investitsiyaning 43 foizi — mahalliy content.
2026-yilning o‘tgan 9 oyida o‘zlashtirilgan 42,6 mlrd dollar xorijiy investitsiyaning 18,2 mlrd dollari yoki 43 foizi mahalliy kontent hissasiga to‘g‘ri keldi.
Shundan 11,6 mlrd dollar qurilish materiallari, 4,4 mlrd dollar ish va xizmatlar, 2,2 mlrd dollar esa uskuna va jihozlar hissasiga to‘g‘ri kelgan.
Ayni paytda bu yo‘nalishda hisobga olish tizimini takomillashtirish zarur bo‘lgan holatlar ham mavjud. Hisobotlarda 7 ta tarmoq bo‘yicha o‘zlashtirilgan 965,2 mln dollarlik investitsiyalarda mahalliy kontent aks ettirilmagan. Shuningdek, 220 ta loyihada 2 mlrd dollarlik qurilish hajmlari bo‘yicha mahalliy kontent ulushi hisobotlarda ko‘rsatilmagan.
Mazkur masalalar investitsiya loyihalarining mahalliy iqtisodiyotga real ta’sirini aniq baholash va mahalliy ishlab chiqaruvchilar ishtirokini kengaytirish nuqtayi nazaridan alohida ahamiyatga ega.
Davlat xaridlarida raqobat va nazorat.
To‘qqiz oyda davlat xaridlarining umumiy hajmi 281,8 trln so‘mga yetdi.
Yagona yetkazib beruvchilardan tashqari raqobatli xaridlar hajmi 170,4 trln so‘mni tashkil etdi. Davlat xaridlari jarayonida jami 12,1 trln so‘m mablag‘ iqtisod qilindi.
To‘g‘ridan-to‘g‘ri xaridlar hajmi esa 11,7 foizga kamayib, 61,6 trln so‘mni tashkil etdi.
Xarid jarayonlarida xavflarni aniqlash va nazoratni kuchaytirish bo‘yicha ham bir qator mexanizmlar joriy etildi.
Jumladan, "Elektron do'konda" joylashtiriladigan ofertalarning 75 foizini sun’iy intellekt orqali moderatsiyadan o'tkazish mexanizmi yo'lga qo'yildi.
Shuningdek, Elektron kooperatsiya portalida ofertalarning 88 foizi standart ofertaga o'tkazildi.
Shuningdek, tadbirkorlarning elektron tizimlardagi zakalat mablag‘larini qaytarish bo‘yicha o‘rganishlar natijasida 11 ta tadbirkorlik subyektiga 19,6 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ qaytarildi.
Davlat xaridlarini rejalashtirish, boshlang‘ich narxni shakllantirish, ishtirokchilar uchun teng sharoit yaratish va xarid jarayonlarini raqamli nazorat qilish bo‘yicha yangi mexanizmlar joriy etildi.
Jumladan, davlat buyurtmachilarining xaridlari oldindan shakllantirilgan xarid reja-jadvali asosida amalga oshirilishi, mazkur rejalarning portalda oldindan e’lon qilinishi yo‘lga qo‘yildi. Bu tadbirkorlarga kelgusida qaysi mahsulot, ish yoki xizmatga talab bo‘lishini oldindan ko‘rish imkonini bermoqda.
Endilikda davlat buyurtmachilari xaridni boshlashdan oldin mahsulotning o‘rtacha bozor narxini maxsus elektron modul orqali shakllantirishi va boshlang‘ich narxni shu asosda belgilashi tartibi joriy etildi. Dastlab ushbu mexanizm 60 turdagi mahsulot bo‘yicha qo‘llanilmoqda.
Davlat xaridlarining samaradorligi xaridni rejalashtiruvchi, texnik topshiriqni shakllantiruvchi va takliflarni baholovchi mutaxassislar malakasiga ham bevosita bog‘liq.
Shu maqsadda Agentlik tomonidan edu.icppa.uz davlat xaridlari bo‘yicha onlayn o‘quv platformasi ishga tushirildi.
Bugungi kunga qadar platformada 3 061 nafar foydalanuvchi ro‘yxatdan o‘tgan, 878 nafari o‘quv kurslarini muvaffaqiyatli yakunlab, sertifikat olgan.
Yangi raqamli infratuzilma shakllantirilmoqda.
Sanoat kooperatsiyasi va mahalliylashtirish bo‘yicha ma’lumotlarni yagona tizimga birlashtirish maqsadida Yagona sanoat portali test rejimida ishga tushirildi.
Portalda sanoat korxonalari va ularning mahsulotlari, o‘zlashtirilishi tavsiya etilayotgan va imtiyozli import tovarlar, xomashyo va offtake shartnomalari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni bir joyda shakllantirish hamda kooperatsiya zanjirlarini yaratish imkoniyatlari nazarda tutilgan.
Mahalliylashtirish sertifikatlarini berish jarayonida ham yangi raqamli yondashuv joriy etilib, yangi platforma va elektron kalkulyator yaratildi.
Shu tariqa ishlab chiqaruvchi, mahsulot, bozor talabi va davlat yoki yirik sanoat buyurtmasi haqidagi ma’lumotlarni yagona raqamli muhitga bog‘lash bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yilmoqda.
Xalqaro va ilmiy markazlar bilan hamkorlik.
Agentlik va xalqaro moliya institutlari hamda tashkilotlari o‘rtasida 40 dan ortiq uchrashuvlar tashkil etildi.
Agentlik bilan xalqaro tashkiloti o‘rtasida 3 ta memorandum imzolandi.
Jumladan, Korea Elevator University hamda Korea Elevator Safety Foundation tashkilotlari bilan “Lift sanoati uchun kadrlar tayyorlash, ilmiy-tadqiqot faoliyati va innovatsion texnologiyalarni joriy etish sohalarida hamkorlik memorandumi”, “KPMG” kompaniyasi bilan “Soha bo‘yicha o‘zaro hamkorlik memorandumi”, Sudjou fan va texnologiyalar universiteti (SUST) “O‘zaro hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum” imzolandi.
Keyingi savol — mavjud talab qayerda?
Yil yakuniga qadar mahalliylashtirilgan mahsulot ishlab chiqarish hajmini 130 trln so‘mga, import o‘rnini bosish samaradorligini 6,4 mlrd dollarga yetkazish hamda 112 turdagi yangi mahsulotni o‘zlashtirish rejalashtirilgan.
Shuningdek, mahalliylashtirish uchun qo‘shimcha 100 turdagi mahsulotni aniqlash, investitsiya loyihalarida mahalliy kontentni kengaytirish hamda davlat xaridlarida raqamli nazorat va raqobat mexanizmlarini rivojlantirish ko‘zda tutilgan.
Matbuot anjumanida Agentlik rahbariyati ushbu natijalar, mavjud muammolar, aniqlangan bozor imkoniyatlari va kelgusi vazifalar yuzasidan batafsil ma’lumot berdi.
OAV vakillari davlat xaridlaridagi raqobat, mahalliylashtirish, import o‘rnini bosish, yirik investitsiya loyihalaridagi mahalliy kontent hamda tadbirkorlarning davlat va sanoat buyurtmalariga kirishi bo‘yicha o‘zlarini qiziqtirgan savollarni bevosita Agentlik rahbariyatiga berish imkoniyatiga ega bo‘ldi.




