Jizzaxda avtomobilsozlik sanoatiga bag‘ishlangan “Milliy sanoat zanjiri” ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi.
2026-09-30 10:10:00 / Yangiliklar

Ikki kun davomida ko‘rgazmada qariyb 1000 nafar ishtirokchi qatnashdi. Mahalliy ishlab chiqaruvchilar, yirik avtomobilsozlik korxonalari, davlat buyurtmachilari, xarid operatorlari hamda soha tashkilotlari vakillari bir maydonda jam bo‘lib, yangi kooperatsiya va hamkorlik imkoniyatlarini muhokama qildi.
Bugungi ko‘rgazma – Prezidentimiz tashabbusi bilan shakllantirilgan mahalliylashtirish, sanoat kooperatsiyasi va davlat xaridlari sohasida mutlaqo yangi tizim doirasida uchunchi marta tashkil etilmoqda.
Dastlabki ko‘rgazma joriy yil 14-16 may kunlari Ohangaron tumanida tog‘-kon sanoati hamda 15-16 iyul kunlari Jonboy tumanida transport sohasi yo‘nalishlarida tashkil etilib, unda salmoqli natijalarga erishilgan edi. Jumladan:
– 556 turdagi mahsulotlar bilan 2,9 trln so‘mlik shartnoma tuzildi;
– yirik tarmoq korhonalari va 18 ta tadbirkorlik subyekti o‘rtasida yangi turdagi mahsulotlarni ishlab chiqarish uchun 673 mlrd so‘mlik 76 ta kafolatli xarid (ofteyk) shartnomasini tuzish bo‘yicha kelishuvga erishildi;
– tarmoq korxonalar tomonidan «shatakka olish» prinsipida 16 ta korxonaga 323 mlrd so‘mlik shartnoma taklif etildi;
– 70 ta «kelajak loyihasi» doirasida mahalliylashtirish mo‘ljallangan 1,5 mlrd dollarlik 856 turdagi mahsulotlar ro‘yxati shakllantirilib, tashrif buyuruvchilariga taqdim etildi;
Jizzax viloyatidagi ko’rgazma avtomobilsozlik sanoatida mahalliy ishlab chiqaruvchilar va yirik korxonalar o‘rtasida sanoat kooperatsiyasini kengaytirish, import o‘rnini bosuvchi raqobatbardosh avtokomponentlarni o‘zlashtirish, mahalliy korxonalarni yirik ishlab chiqarish zanjirlariga jalb etish hamda milliy iqtisodiyotda qo‘shilgan qiymat zanjirlarini rivojlantirish maqsadida tashkil etildi.
Ko‘rgazmada avtomobilsozlik va avtokomponentlar sohasida faoliyat yuritayotgan korxonalar o‘z mahsulotlari, ishlab chiqarish quvvatlari va texnologik imkoniyatlarini namoyish etdi. Ekspozitsiyalarda butlovchi va ehtiyot qismlar, metall, plastmassa, rezina-texnika, elektrotexnika va boshqa sanoat mahsulotlari, shuningdek, yangi mahalliylashtirish loyihalari, innovatsion ishlanmalar va texnologik yechimlar taqdim etildi. Rasmiy dasturda ushbu turdagi mahsulotlar ekspozitsiyasi alohida nazarda tutilgan.
Ko‘rgazmaning asosiy yo‘nalishlaridan biri yirik avtomobilsozlik korxonalarining ehtiyojlarini mahalliy ishlab chiqaruvchilarning imkoniyatlari bilan bog‘lash bo‘ldi. Mahalliy korxonalar o‘z mahsulotlarini yirik buyurtmachilarga bevosita taqdim etib, import qilinayotgan mahsulotlarni mahalliylashtirish, subpudrat va kooperatsiya asosida ishlab chiqarish imkoniyatlari yuzasidan muzokaralar olib bordi.
Avtomobilsozlikning yangi yo‘nalishlari alohida zonalarda namoyish etildi
Ko‘rgazma doirasida avtomobilsozlik sanoatining bugungi va istiqboldagi rivojlanish yo‘nalishlariga bag‘ishlangan maxsus tematik zonalar tashkil etildi.
“Avtomobilsozlik ekotizimi” zonasida elektromobillar, quvvatlash infratuzilmasi, akkumulyator texnologiyalari, elektr transport vositalari uchun butlovchi qismlar, shuningdek, quvvatlash stansiyalari va batareya modullarining kesma ko‘rinishlari namoyish etildi.
“Raqamli avtomobilsozlik” zonasida sanoat robotlari, avtomatlashtirilgan yig‘ish liniyalari, raqamli egizaklar, ishlab chiqarishni raqamli boshqarish hamda sun’iy intellektga asoslangan yechimlar taqdim qilindi.
“Kelajak loyihalari” zonasida esa import o‘rnini bosuvchi yangi turdagi mahsulotlarni o‘zlashtirishga qaratilgan investitsiya va mahalliylashtirish loyihalari namoyish etilib, ularni sanoat kooperatsiyasi va kafolatli offteyk shartlari asosida amalga oshirish imkoniyatlari ilgari surildi.
Ilm-fan, ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasiga alohida e’tibor qaratildi
Ko‘rgazmada avtomobilsozlik sanoatini ilmiy ishlanmalar va malakali kadrlar bilan ta’minlash masalalari ham alohida yo‘nalish sifatida qamrab olindi.
“Startaplar va innovatsiyalar” zonasida yosh muhandislik jamoalarining avtomobilsozlik sanoati uchun ishlab chiqqan ishlanmalari namoyish etilib, ular bo‘yicha pitch-sessiyalar o‘tkazildi.
Shuningdek, “O‘zavtosanoat” AJ tizimidagi korxonalar, oliy ta’lim muassasalari va ilmiy markazlar o‘rtasida R&D, dual ta’lim, kadrlar tayyorlash, “ustoz-shogird” tizimi, innovatsion va startap loyihalarini rivojlantirish masalalariga e’tibor qaratildi.
Ishlab chiqarish jarayonlari bevosita o‘rganildi
Ko‘rgazma dasturi doirasida Jizzax viloyatidagi avtomobilsozlik korxonalarining ishlab chiqarish quvvatlari, mahsulot turlari, texnologik imkoniyatlari, mahalliylashtirish darajasi va yangi mahsulotlarni o‘zlashtirish bo‘yicha taqdimotlari o‘tkazildi.
Shuningdek, ishtirokchilar BYD Uzbekistan Factory va ADM Jizzakh korxonalarida bo‘lib, ishlab chiqarish jarayonlari, texnologik liniyalar, ishlab chiqarish quvvatlari, mahsulot turlari, mahalliylashtirish darajasi hamda sanoat kooperatsiyasi imkoniyatlari bilan tanishdi.
Ko‘rgazmaning ikkinchi kunida avtomobilsozlik sohasida import o‘rnini bosuvchi mahsulotlarni o‘zlashtirish, mahalliy xomashyo va materiallardan foydalanish, yangi mahsulot turlarini ishlab chiqarish hamda mahalliy korxonalarni kooperatsiya zanjirlariga qo‘shish bo‘yicha taqdimotlar o‘tkazildi. Yirik korxonalar va mahalliy ishlab chiqaruvchilar o‘rtasidagi uchrashuvlarda buyurtmachilarning ehtiyojlari va ishlab chiqaruvchilarning imkoniyatlarini muvofiqlashtirish, istiqbolli mahsulotlarni aniqlash va yangi kooperatsiya loyihalarini shakllantirish masalalari muhokama qilindi.
B2B va B2G muzokaralar amaliy kelishuvlarga qaratildi
Ikki kun davomida tashkil etilgan B2B va B2G muzokaralarda mahalliy mahsulotlarni yetkazib berish, kooperatsiya va subpudrat aloqalarini yo‘lga qo‘yish, yangi mahsulotlarni mahalliylashtirish, offteyk shartnomalarini tuzish hamda istiqbolli buyurtmalar portfelini shakllantirish masalalari muhokama qilindi.
Ko‘rgazma mahalliy ishlab chiqaruvchilarga yirik avtomobilsozlik korxonalarining ehtiyojlarini bevosita o‘rganish, o‘z mahsulotlari va ishlab chiqarish imkoniyatlarini namoyish etish, yangi kooperatsiya aloqalarini o‘rnatish hamda avtomobilsozlik sanoatining yetkazib berish zanjiriga kirish imkoniyatlarini muhokama qilish uchun amaliy maydon bo‘ldi.
Ko’rgazma doirasida muhim voqealardan biri – “O‘zbekekspertiza” AJ tomonidan “ADM Jizzakh” korxonasida ishlab chiqarilayotgan “Sonet Prime” avtomobiliga “Mahalliy ishlab chiqarilgan tovar sertifikati” topshirilishi bo’ldi. Mazkur avtomobilning mahalliylik darajasi 37 foizni tashkil etadi.
Shuningdek, ilm-fan, ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasini kuchaytirishga qaratilgan 3 ta hamkorlik memorandumi imzolandi:
•“UzAuto Motors” AJ va Materialshunoslik instituti;
•“UzAuto Motors” AJ va Jizzax politexnika instituti;
• Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti va Materialshunoslik instituti.
Mazkur hamkorliklar avtomobilsozlik sohasida ilmiy ishlanmalarni ishlab chiqarishga tatbiq etish, yangi texnologik yechimlarni rivojlantirish, mutaxassislar tayyorlash hamda ilm-fan va sanoat o‘rtasidagi amaliy aloqalarni yanada mustahkamlashga qaratilgan.
Ko‘rgazma yakunida faol va natijador ishtirokchilar 5 ta nominatsiya bo‘yicha taqdirlandi:
• “Eng yaxshi stend” — “ADMC Dasan” MChJ;
• “Eng istiqbolli innovatsion startap” — Jizzax politexnika universiteti;
• “Eng yuqori mahalliylashtirish darajasiga erishgan korxona” — “Jizzax akkumulyator zavodi” AJ;
• “Eng yaxshi kooperatsiya loyihasi” — “Navoiy Auto Components” MChJ;
• “Investitsiyaviy jozibador loyiha” — “Hansae Mobility Turan” MChJ XK.
“Milliy sanoat zanjiri” ko'rgazmasining ahamiyati shundaki, ilgari asosan bitta yirik buyurtmachi bilan ishlagan mahalliy ishlab chiqaruvchi endilikda o‘z mahsulotini bir vaqtning o‘zida bir nechta tarmoq korxonalariga taklif qilish, yangi buyurtmachilar bilan aloqa o‘rnatish va boshqa ishlab chiqarish zanjirlariga kirish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda.









