🏛️ Metallurgiyada import o‘rnini bosuvchi yangi loyihalar muhokama qilindi
2026-10-07 14:10:00 / Yangiliklar

Uchrashuvda metallurgiya sanoatida mahalliy ishlab chiqarishni kengaytirish, import hajmi yuqori bo‘lgan mahsulotlarni o‘zlashtirish, yirik korxonalar atrofida sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish hamda mahalliy yetkazib beruvchilarni ishlab chiqarish zanjirlariga jalb etish masalalari muhokama qilindi.
Xususan, 2025-yilda respublikaga 3,8 mlrd dollarlik 4,8 mln tonna qora metall va undan tayyorlangan mahsulotlar import qilingani qayd etildi. Shu bilan birga, legirlangan va maxsus po‘latlar, choksiz quvurlar, avtomobilsozlik uchun yuqori mustahkamlikdagi listlar, yeyilishga chidamli po‘lat hamda yuqori aniqlikda ishlov berilgan komponentlar bo‘yicha mahalliy ishlab chiqarishni rivojlantirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Jumladan, 2025-yilda 283,3 mln dollarlik choksiz quvurlar import qilingan. Mazkur yo‘nalishda yiliga 250 ming tonna mahsulot ishlab chiqarishga mo‘ljallangan 275 mln dollarlik loyiha taklifi muhokama qilindi. Shuningdek, avtomobilsozlik uchun sovuq prokat, legirlangan prokat, po‘lat arqon, grafit elektrod, yeyilishga chidamli listlar, dvutavr va shveller kabi mahsulotlarni mahalliylashtirish imkoniyatlariga alohida e’tibor qaratildi.
Uchrashuvda yirik metallurgiya korxonalari atrofida kichik va o‘rta biznes ishtirokidagi kooperatsiya loyihalarini shakllantirish, mahalliy yetkazib beruvchilarni rivojlantirish va ular bilan uzoq muddatli ishlab chiqarish aloqalarini yo‘lga qo‘yish masalalari ham ko‘rib chiqildi.
Tomonlar 2027–2030-yillarga mo‘ljallangan “Respublika metall balansi”ni mahsulot turi, po‘lat markasi, standart, import, mavjud mahalliy quvvat va xaridorlar kesimida shakllantirish, shuningdek, import hajmi, texnologik ahamiyati va mahalliylashtirish imkoniyatidan kelib chiqib 10 ta strategik metall mahsulotini tanlash bo‘yicha hamkorlik qilish masalalarini muhokama qildi.
Shuningdek, davlat rahbarining joriy yil 13-iyul kuni Bekobod shahriga tashrifi davomida metallurgiya sohasini rivojlantirish bo‘yicha berilgan topshiriqlar ijrosini ta’minlashda Metallurgiya uyushmasi bilan hamkorlik qilish masalasiga alohida e’tibor qaratildi.
Uchrashuv yakunida Sanoat kooperatsiyasi va davlat xaridlari agentligi hamda O‘zbekiston metallurgiya uyushmasi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Tomonlar metallurgiya sanoatini rivojlantirish bo‘yicha o‘zaro hamkorlikni izchil davom ettirishga kelishib oldi.



