Sanoat kooperatsiyasi va davlat xaridlari tizimini rivojlantirishda xalqaro hamkorlik masalalari muhokama qilindi
2026-07-30 14:30:00 / Yangiliklar

Tadbirda xalqaro moliya institutlari va tashkilotlari, xorijiy ekspertlar, xorijiy davlatlarning O’zbekistondagi vakolatxonalarining vakillari hamda xalqaro konsalting kompaniyalari mutaxassislari ishtirok etdi.
Davra suhbatida Sanoat kooperatsiyasi va davlat xaridlari agentligining joriy yil birinchi yarim yilligida xalqaro hamkorlik hamda ilmiy-ishlab chiqarish yo‘nalishlarida amalga oshirilgan ishlar, erishilgan natijalar va istiqboldagi vazifalar taqdim etildi.
Ta’kidlanganidek, hisobot davrida Agentlik tomonidan Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, Islom taraqqiyot banki hamda boshqa xalqaro moliya institutlari va tashkilotlari bilan 30 dan ortiq uchrashuvlar tashkil etildi. Shuningdek, Korea Elevator University, Korea Elevator Safety Foundation, KPMG, UNDP bilan o‘zaro hamkorlik memorandumlari imzolandi.
Shu bilan birga, davlat xaridlari, mahalliy qiymat, xizmatlarni mahalliylashtirish va sanoat kooperatsiyasi sohalarida Agentlik tomonidan olib borilayotgan islohotlarda xalqaro tajriba, bilim, nou-hau va tajribani qo’llash uchun o’zaro hamkorlik qilish mumkin bo’lgan yo’nalishlar haqida o’zaro fikr almashildi.
Tadbirda ilmiy-ishlab chiqarish hamkorligi, aynirsa maktab-oliy ta’lim-fan-ishlab chiqarish zanjirini o’zaro bog’lash, bunda ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish kabi dolzarb masala yuzasidan ham o’zaro fikr almashildi.
Xalqaro moliya institutlaridan OTB va Jahon banki, xalqaro yirik konsalting kompaniyalaridan KPMG, E&Y va McKinsey, shuningdek UNDP vakillari so’zga chiqib Agentlik boshlangan islohotlarda ularning ishtiroki, jumladan davlat xaridlarini yanada shaffof va barqaror etish, institutsional va kadlar salohiyatini oshirishdagi loyihalar haqida to’xtalib o’tdilar.
Davra suhbati davomida barcha ishtirokchilar bilan ochiq muloqot tashkil qilinib, xalqaro hamkorlikni yanada rivojlantirish, ilg‘or tajribalarni joriy etish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish yuzasidan fikr va takliflar almashildi.
Tadbir yakunida davlat xaridlari va sanoat kooperatsiyasi sohalarida xalqaro hamkorlikni yanada mustahkamlash, ilmiy muassasalar, xalqaro tashkilotlar va xususiy sektor o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha o‘zaro kelishuvlarga erishildi.



