✅ Oʻzlashtirishga tavsiya etiladigan raqobatbardosh mahsulotlar roʻyxati eʼlon qilib boriladi
2026-07-01 10:30:00 / Yangiliklar

🏛️ Bugungi kunda Agentlik tomonidan respublika va tashqi bozorlardagi talab, import tarkibi, eksport salohiyati, mavjud xomashyo bazasi, ishlab chiqarish kooperatsiyasi imkoniyatlari hamda yuqori qoʻshilgan qiymat yaratish salohiyati tahlil qilinib, dastlabki bosqichda respublikada mahalliylashtirish va oʻzlashtirish uchun istiqbolli deb baholangan 10 ta raqobatbardosh mahsulotlarning roʻyxati (moy mahsulotlari, legirlangan poʻlat (prokat mahsulotlari), litiy-ionli akkumulyatorlar, konditsioner va sovutkichlar uchun kompressorlar, tikuv mashinalari, elektr dazmol, idish yuvish texnikasi, flotoreagent T92, poʻlat arqonlar, choksiz quvurlar) shakllantirildi.
➡️ Mazkur mahsulotlarni ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyishdan manfaatdor tadbirkorlik subyektlarini xabardor qilish maqsadida har bir mahsulot boʻyicha asosiy iqtisodiy koʻrsatkichlar, foydalaniladigan xomashyo turlari, ehtimoliy sotuv bozorlari, import oʻrnini bosish va eksport salohiyati toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni qamrab olgan tizerlar tayyorlandi.
Agentlik tomonidan elektrotexnika, elektronika va robototexnika, avtomobilsozlik, qurilish materiallari, gaz va neft kimyosi, yengil sanoat, oziq-ovqat, kimyo, metallurgiya, energetika, togʻ-kon, farmatsevtika va boshqa bir qator sanoat sohalarida mahalliylashtirish va oʻzlashtirish uchun istiqbolli deb baholangan mahsulotlar roʻyxati eʼlon qilib boriladi.
✔️ Ushbu roʻyxatga kiritilgan mahsulotlarni oʻzlashtirgan tadbirkorlik subyektlari bilan oʻrnatilgan tartibda kafolatli xarid shartnomalari tuziladi hamda ular oʻrta va uzoq muddatda mahalliy mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish va sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish dasturlariga kiritiladi.









