Hamkorlik masalalari muhokama qilindi
2026-04-02 09:45:00 / Yangiliklar

2026-yil 2-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Sanoat kooperatsiyasi va davlat xaridlari agentligida Osiyo taraqqiyot banki (ADB)ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi vakillari bilan ishchi uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda Agentlik direktori Baxtiyor Xaydarov hamda tegishli tarkibiy bo‘linmalar rahbarlari ishtirok etdi. Shuningdek, Osiyo taraqqiyot bankining O‘zbekistondagi operatsiyalar bo‘yicha ijrochi direktori Gulamov Mirzo Iskandar va xaridlar hamda taʼminot sohasidagi xalqaro mutaxassislar qatnashdi.
✍️ Muloqot davomida quyidagi ustuvor masalalar muhokama qilindi:
Davlat xaridlari tizimini rivojlantirish bo‘yicha 2025–2027-yillarga mo‘ljallangan strategiyani amalga oshirishda hamkorlikni kuchaytirish;
Prezident qaror va farmonlari doirasida belgilangan vazifalarni amalga oshirishda ADB ishtirokini kengaytirish;
2026-yil uchun ustuvor qo‘shma loyihalarni shakllantirish;
ADBning yangilangan xaridlar siyosatini milliy tizimga integratsiya qilish;
Davlat xaridlarida shaffoflik va institutsional salohiyatni oshirish.
✅ Shuningdek, uchrashuvda strategik islohotlar doirasida qator muhim yo‘nalishlar belgilandi:
davlat xaridlarini professionallashtirish va kadrlar salohiyatini oshirish;
biznes bilan samarali muloqot (market engagement) mexanizmlarini joriy etish;
davlat xaridlari siyosatini ishlab chiqish jarayoniga hududlar va bozor ishtirokchilarini keng jalb qilish;
komplayens va halollik mexanizmlarini kuchaytirish;
elektron davlat xaridlari tizimini yanada takomillashtirish.
✔️ Tomonlar quyidagi hamkorlik yo‘nalishlari bo‘yicha kelishib oldi:
xalqaro ekspertlar va texnik ko‘makni jalb qilish;
qo‘shma tahlil va diagnostika ishlarini amalga oshirish;
pilot loyihalarni ishga tushirish;
institutsional salohiyatni oshirish dasturlarini amalga oshirish;
moliyaviy va grant ko‘magini kengaytirish.
Uchrashuv yakunida 2026-yil uchun ustuvor qo‘shma loyihalar ro‘yxatini shakllantirish, amalga oshirish mexanizmlarini belgilash va ADB bilan doimiy ishchi muloqot formati (yo‘l xaritasi)ni ishlab chiqishga kelishib olindi.



