O‘zbekiston MDH Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha davlatlararo kengashiga a’zo bo‘ldi
2025-09-08 11:25:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston Respublikasi Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi (MDH) Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha davlatlararo kengashiga rasman a’zo bo‘ldi. Shu munosabat bilan mamlakatimiz vakili 2025-yil 3-oktabr kuni Yerevan shahrida o‘tkaziladigan Kengash yig‘ilishida ilk bor to‘laqonli a’zo sifatida ishtirok etadi. Mazkur yig‘ilishda Kengash raisligi Tojikistondan Armanistonga o‘tadi.
MDH Ijroiya qo‘mitasining ma’lum qilishicha, O‘zbekiston 2013-yil 25-oktabrda imzolangan Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha davlatlararo kengashni tashkil etish to‘g‘risidagi bitimga qo‘shilish bo‘yicha barcha zarur tartib-taomillarni yakunladi. Bitim mamlakatimiz uchun 2025-yil 31-avgustda kuchga kirdi.
Kengash doirasida a’zo davlatlar korrupsiyaga qarshi muvofiqlashtirilgan va birgalikdagi faoliyatni amalga oshirib kelmoqda. Bu esa transchegaraviy xavf va tahdidlarga samarali javob berish, qonunchilik bazasini takomillashtirish, tajriba almashish hamda mutaxassislarning kasbiy tayyorgarligini oshirish imkonini beradi.
O‘zbekistonning mazkur Bitimga qo‘shilishi mamlakatimiz rahbariyatining korrupsiyaga qarshi kurashish borasida izchil olib borayotgan qat’iy siyosatining mantiqiy davomidir. Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston 2008-yilda BMT Korrupsiyaga qarshi konvensiyasiga qo‘shilgan va bugungi kunda huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamda boshqa davlat idoralari orqali xalqaro hamkorlikni samarali davom ettirib kelmoqda.
MDH Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha davlatlararo kengashi 2015-yildan buyon faoliyat yuritib, shu davr ichida 9 ta yig‘ilish o‘tkazdi. Kengash tashabbusi bilan qator strategik hujjatlar ishlab chiqilgan bo‘lib, ular orasida 2017-yil 11-oktabrda tasdiqlangan Hamdo‘stlik davlatlarining korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha hamkorlik konsepsiyasi alohida ahamiyatga ega. Shuningdek, 2022-yil 14-oktabrda yangi hamkorlik bitimi imzolangan bo‘lib, unga O‘zbekiston ham qo‘shilgan.
Bugungi kunda Armaniston, Belarus, Qirg‘iziston va Rossiya Bosh prokurorlari, shuningdek, Qozog‘iston va Tojikistonning ixtisoslashgan idoralari rahbarlari Kengash a’zolari hisoblanadi. MDH Ijroiya qo‘mitasi vakili va Kengash Kotibiyati rahbari esa maslahat ovozi huquqiga ega.
