Press-reliz: O‘zbekiston – yagona vatan!
2025-07-29 19:45:00 / Press-relizlar
Joriy yilning 25–31 iyul kunlari O‘zbekistonda millatlararo totuvlik va do‘stlikni tarannum etuvchi an’anaviy “Do‘stlik” festivali tadbirlari bo‘lib o‘tmoqda.
2021 yil 10 fevraldagi qonun bilan 30 iyul O‘zbekistonda Xalqlar do‘stligi kuni etib belgilangan.
Xalqlar do‘stligi kuni O‘zbekistonda bayram sifatida keng nishonlanishi mamlakatdagi barcha millatlarning birligi, qardoshligi, o‘zaro yordam va xilma xil madaniy merosiga hurmat ulug‘lanishining
yana bir dalilidir.
Jamiyatda millatlararo totuvlik va bag‘rikenglikni ta’minlash, umummilliy hamjihatlik va do‘stlik muhitini mustahkamlash – davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan.
Millatlararo va konfessiyalararo munosabatlar sohasidagi tub o‘zgarishlar 2016 yilda Davlatimiz Rahbari tashabbusi bilan jamiyat hayotining barcha sohalarida – siyosiy, huquqiy, madaniy va gumanitar yo‘nalishlarda keng ko‘lamli islohotlar boshlanishi bilan ro‘y berdi. Qolaversa, bu yurtda ko‘pmillatlilik shunchaki raqam emas, balki mamlakatning strategik boyligi, ulkan ma’naviy ustunligi sifatida qabul qilinadi.
Ko‘p asrlik boy tarix va betakror madaniy xususiyatlarga ega bo‘lgan O‘zbekiston zamini azaldan xalqlar va dinlar o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar, bag‘rikenglik, o‘zaro tushunish va hamjihatlik singari o‘ziga xos ijtimoiy muhit shakllangan yurt sifatida tanilgan.
Bugungi kunda o‘zbekistonda 130 dan ortiq millat va elat vakillari, 16 ta diniy konfessiya vakillari tinch-totuv istiqomat qilib kelmoqda. Turli millatlar va elatlarning madaniyati, tili, urf-odatlari, qadriyat va an’analarini saqlash hamda yosh avlodga yetkazish maqsadida 157 ta milliy madaniy markaz faoliyat ko‘rsatib kelmoqda.
Milliy madaniy markazlar faoliyatini rivojlantirish uchun hududlarda “Do‘stlik uylari” tashkil etilgan, har yili Parlament fondi ularni moliyaviy qo‘llab-quvvatlab kelmoqda.
Maktablarda ta’lim 7 tilda olib borilayotganligi turli millatlarga mansub o‘quvchilarning o‘z ona tilida ta’lim olishi uchun sharoit yaratilgan.
Milliy tele va radiokanallar 12 tilda efir olib borayotgani, gazeta va jurnallar 14 ta tilda chop etilayotgani barchaga teng sharoitlar yaratgan holda axborotni ona tilida olish imkonini bermoqda.
Mamlakatimizda yashayotgan turli millat va elat vakillari O‘zbekistonning yagona xalqi sifatida o‘zlarining faol va fidokorona mehnatlari bilan yurtimiz taraqqiyoti hissa qo‘shmoqda, birgina davlat fuqarolik xizmatida 5 mingga yaqin 35 ta millat vakillari mehnat qiladi.
Ayniqsa, mamlakatning siyosiy institutlari hisoblangan Oliy Majlis Qonunchilik palatasida 12,7 foiz, mahalliy Kengashlarda
11,2 foiz deputatlarimiz turli millat va elatlar vakillari hisoblanadi. Bunday yutuqlarning chegarasi yo‘q, jamiyatning har bir jabhasida millatlararo totuvlik, hamjihatlik o‘z aksini topganligini kuzatmoqdamiz.
“30 iyul – Xalqlar do‘stligi kuni” arafasida milliy madaniy markazlar pavilonlarining ochilishi mamlakatimizda yashab kelayotgan barcha millat va elatlarning o‘z madaniyati va urf-odatlari, an’analarini saqlab qolish, rivojlantirish uchun yana bir ulkan imkoniyatga aylanmoqda.
Ushbu pavilon qurilish jarayonlari bevosita yurtimizdagi milliy madaniy markazlari rahbarlari bilan maslahatlashib amalga oshirildi. Unda turli millat va elatlarning o‘ziga xos madaniyat va milliy an’analarni ifodalovchi ikki qavatli binolar barpo etildi.
Ushbu pavilonlar mamlakatimizda millatlararo totuvlik
va umummilliy hamjihatlik borasida amalga oshirilayotgan ulkan islohotlarni ifodalaydigan, o‘zaro madaniy almashinuv maydoni vazifasini bajaradi.
Ta’kidlash joizki, Xalqlar do‘stligi kuni munosabati bilan o‘tkaziladigan tadbirlarda har yili yurtimizda faoliyat ko‘rsatayotgan milliy madaniy markazlar, xalqaro tashkilotlarning vakolatxonalari va xorijiy elchixonalar vakillari, xorijiy davlatlardan mehmonlar, vatandoshlar, vazirliklar va idoralar, kasaba uyushmalari xodimlari, keng jamoatchilik va OAV vakillari ishtirok etadi.
“Do‘stlik nigohi” fotosuratlar ko‘rgazmasi, “Ona zamin bag‘ridan” hunarmandchilik ko‘rgazma-yarmarkasi, “Qardoshlik mushoirasi” ijodiy uchrashuvi, bolalar yozgi oromgohlarida “Do‘stlik bolalikdan boshlab” mavzusida madaniy-ma’rifiy tadbirlar, “Do‘stlik ohanglari” konsert dasturlari kabi tadbirlar o‘tkaziladi.
“Umummilliy hamjihatlikni mustahkamlash – Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining muhim asosi” mavzusida xalqaro konferensiya o‘tkaziladi. Unda, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Xitoy, Rossiya, AQSh kabi olimlar, ekspertlar hamda xorijiy hamkor tashkilotlarning vakillari ishtirok etishi kutilmoqda.
Umummilliy totuvlik, hamjihatlikni ta’minlash sohasida alohida xizmatlari uchun 50 nafarga yaqin yurtdoshlarimiz “Xalqlar do‘stligi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlanadi. Festival doirasida ko‘krak nishonlarini tantanali topshirish marosimi bo‘lib o‘tadi.
Shuningdek, mamlakatimizning barcha hududlarida, shu jumladan, chegaradosh hududlardagi mahallalarda xalq sayillari, konsert dasturlari, turli millat vakillarining badiiy havaskorlik jamoalarining chiqishlari, milliy sport o‘yinlari, milliy taomlar va milliy liboslar namoyishlari o‘tkaziladi.
“O‘zbekiston – yagona Vatan!” shiori ostidagi O‘zbekistonda bo‘lib o‘tayotgan “Do‘stlik” festivali tadbirlari mamlakatdagi ko‘p millatli jamiyatning yakdilligi va hamjihatligi, millatlararo munosabatlarning do‘stona asosda rivojlanib borayotganining yorqin ifodasi hisoblanadi.
