“Markaziy Osiyo davlatlari va Ozarbayjon do‘stligining yangi davri” nomli xalqaro konferensiya o‘tkazildi
2026-03-31 10:50:00 / Yangiliklar

Joriy yilning 29–31-mart kunlari “Markaziy Osiyo davlatlari va Ozarbayjon Do‘stlik forumi” doirasida qator muhim tadbirlar tashkil etilmoqda. Ushbu forum mintaqaviy hamkorlikni yanada mustahkamlash, xalqlar o‘rtasidagi o‘zaro ishonch va do‘stlik rishtalarini rivojlantirish, shuningdek, madaniy-gumanitar aloqalarni kengaytirishga xizmat qilmoqda.
Forum doirasida bugun Farg‘ona shahrida “Markaziy Osiyo davlatlari va Ozarbayjon do‘stligining yangi davri” nomli xalqaro konferensiya o‘tkazildi. Konferensiyada Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston hamda Ozarbayjon Respublikasidan tashrif buyurgan yetuk olimlar, nufuzli ekspertlar, xorijiy hamkor tashkilotlar vakillari, shuningdek, davlat va jamoat tashkilotlari mas’ullari, milliy madaniy markazlar va do‘stlik jamiyatlari rahbarlari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari faol ishtirok etdi.
Xalqaro konferensiyani O‘zbekiston Respublikasi Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mitasi raisi Kaxraman Sariyev ochib berdi. Konferensiya doirasida umummilliy birdamlik, millatlararo totuvlikni mustahkamlash, xalq diplomatiyasini rivojlantirish, xorijdagi vatandoshlar bilan aloqalarni kuchaytirishga qaratilgan muhokamalar olib borildi, ilg‘or tashabbuslar ilgari surildi. Ushbu xalqaro konferensiya yurtimizdagi millatlararo totuvlik, bag‘rikenglik muhitini yana bir bor dunyoga ovoza qiladigan, ushbu omilni O‘zbekistonning tashrif qog‘oziga aylantiradigan maydon bo‘lib xizmat qildi.
Mazkur ilmiy konferensiya mintaqa davlatlari o‘rtasidagi ko‘p asrlik tarixiy aloqalar, umumiy qadriyatlar hamda bugungi kunda shakllanayotgan yangi bosqichdagi hamkorlik masalalarini atroflicha muhokama qilish uchun muhim platforma vazifasini o‘tadi.Tadbir davomida so‘zga chiqqanlar Markaziy Osiyo va Ozarbayjon o‘rtasidagi do‘stlik aloqalarining tarixiy ildizlari, bugungi kundagi samarali hamkorlik yo‘nalishlari hamda istiqboldagi ustuvor vazifalar haqida atroflicha fikr bildirdilar.
Yurtimizda millatlararo totuvlik, bag‘rikenglik muhitini shakllantirishda o‘z kuch-g‘ayratini ayamay kelayotgan aziz vatandoshlarimiz doimo e’tirof va izzatda bo‘lib, ularni “Xalqlar do‘stligi” ko‘krak nishoni bilan tantanali ravishda taqdirlanish katta an’anaga aylangan.
Tadbir doirasida bir guruh ishtirokchilarni “Xalqlar do‘stligi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlash marosimi ham bo‘lib o‘tdi. Albatta, ushbu ko‘krak nishoni bilan taqdirlanganlar kelgusi faoliyatida ham millatlararo totuvlik va bag‘rikenglik elchisi bo‘lib, bor imkoniyati bilan yurtimizdagi birdamlik va tinchlik muhitini mustahkamlashga o‘z hissasini qo‘shadi.




