“Do‘stlik stelasi” – qardosh mamlakatlar o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik, ishonch va strategik sheriklik ramzi” mavzusidagi ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi.
2026-03-31 09:35:00 / Yangiliklar

Joriy yilning 29–31-mart kunlari “Markaziy Osiyo davlatlari va Ozarbayjon Do‘stlik forumi” doirasida qator muhim tadbirlar tashkil etilmoqda. Ushbu forum mintaqaviy hamkorlikni yanada mustahkamlash, xalqlar o‘rtasidagi o‘zaro ishonch va do‘stlik rishtalarini rivojlantirish, shuningdek, madaniy-gumanitar aloqalarni kengaytirishga xizmat qilmoqda.
Forum doirasida bugun Farg‘ona davlat universitetining konferensiyalar zalida O‘zbekiston Respublikasi Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mitasi, O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi, O‘zbekistonda ShHT Xalq diplomatiyasi markazi direktori, “Birodar” shaharlar alyansi va hamkor tashkilotlar bilan birgalikda “Do‘stlik stelasi – qardosh mamlakatlar o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik, ishonch va strategik sheriklik ramzi” mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi. Mazkur anjuman mintaqa davlatlari o‘rtasidagi ko‘p asrlik tarixiy aloqalar, umumiy qadriyatlar hamda bugungi kunda shakllanayotgan yangi bosqichdagi hamkorlik masalalarini atroflicha muhokama qilish uchun muhim platforma vazifasini o‘tadi.
Konferensiyada Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston hamda Ozarbayjon Respublikasidan tashrif buyurgan yetuk olimlar, nufuzli ekspertlar, xorijiy hamkor tashkilotlar vakillari, shuningdek, davlat va jamoat tashkilotlari mas’ullari, milliy madaniy markazlar va do‘stlik jamiyatlari rahbarlari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari faol ishtirok etdi.
Tadbir davomida so‘zga chiqqanlar Markaziy Osiyo va Ozarbayjon o‘rtasidagi do‘stlik aloqalarining tarixiy ildizlari, bugungi kundagi samarali hamkorlik yo‘nalishlari hamda istiqboldagi ustuvor vazifalar haqida atroflicha fikr bildirdilar. Ayniqsa, “Do‘stlik stelasi” tashabbusi mintaqa xalqlari o‘rtasidagi birdamlik, o‘zaro hurmat va hamjihatlikni mustahkamlashga xizmat qiluvchi muhim ramz sifatida alohida e’tirof etildi. Shuningdek, konferensiya doirasida ilmiy ma’ruzalar tinglandi, ishtirokchilar o‘rtasida ochiq muloqot va fikr almashinuvi tashkil etildi. Unda yosh olimlar va tadqiqotchilar tomonidan ilgari surilgan taklif va tashabbuslar ham katta qiziqish bilan kutib olindi.
Mazkur forum va uning doirasidagi tadbirlar mintaqa davlatlari o‘rtasidagi o‘zaro ishonchni mustahkamlash, yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini rivojlantirish hamda keng qamrovli strategik sheriklikni yangi bosqichga olib chiqishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.



