“Doʻstlik uyida” millatlararo totuvlik va madaniy hamjihatlikni targ‘ib etuvchi tadbir tashkil etildi
2026-03-30 06:50:00 / Yangiliklar

Joriy yilning 29 – 31-mart kunlari “Markaziy Osiyo davlatlari va Ozarbayjon Do‘stlik forumi” tadbirlari bo‘lib o‘tmoqda.
Forum doirasida bugun Farg‘ona shahridagi “Do‘stlik uyi” binosida O‘zbekistonda istiqomat qilayotgan turli millat va elatlarning madaniyati, san’ati hamda qadriyatlarini tarannum etuvchi madaniy-ma’rifiy tadbir boʻlib oʻtdi.
Unda, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, Ozarbayjon kabi davlatlardan tashrif buyurgan olimlar, ekspertlar hamda xorijiy hamkor tashkilotlarning vakillari, davlat va jamoat tashkilotlari, milliy madaniy markazlar, do‘stlik jamiyatlari rahbarlari, OAV vakillari ishtirok etdi.
Tadbirning ochilish marosimi an’anaviy tarzda, karnay-surnay sadolari ostida turli millat vakillaridan iborat milliy liboslardagi markaz faollari tomonidan mehmonlarni tantanali kutib olish bilan boshlandi. Tashrif buyuruvchilar dastlab viloyatdagi sakkizta milliy madaniy markaz, jumladan, tojik, qirg‘iz, turk, koreys, nemis, tatar va yahudiy markazlari uchun ajratilgan maxsus xonalar bilan tanishdilar. Har bir markaz rahbari va faollari o‘z millatiga mansub urf-odatlar, qadimiy an’analar va madaniy boyliklarni mahorat darslari hamda badiiy chiqishlar orqali namoyish etishdi. Bu jarayon barcha millat vakillari bir oila kabi hamjihat ekanligini yana bir bor isbotladi.
Ko‘rgazmaning davomi sifatida tashkil etilgan etnogastronomik ko‘chada turli millatlarning pazandachilik mahorati va milliy taomlari jilosi namoyish etildi. Bu yerda mehmonlar nafaqat turli millatlarning o‘ziga xos taomlaridan bahramand bo‘lishdi, balki milliy hunarmandchilik va amaliy san’atning noyob namunalarini ham ko‘zdan kechirishdi. Unda milliy kashtachilik, kulolchilik, yog‘och o‘ymakorligi, zargarlik san’ati kabi yo‘nalishlarda yaratilgan noyob asarlar namoyish etilib, ustalar tomonidan ularning yaratilish jarayoni ham amaliy tarzda ko‘rsatib berildi. Bu esa ayniqsa yoshlar uchun katta qiziqish uyg‘otib, ularni milliy merosga hurmat ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etdi. Ushbu ko‘rgazma yurtimizda yashovchi barcha millatlarning madaniy boyligi umumiy boyligimiz ekanligini ko‘rsatib, yoshlar qalbida bag‘rikenglik va o‘zaro hurmat tuyg‘ularini yanada kuchaytirdi.
Tadbir yakunida barcha ishtirokchilar va mehmonlar o‘rtasidagi samimiy muloqotlar umumiy fotosuratga tushish bilan muhrlandi. Do‘stlik va birdamlik ruhida o‘tgan ushbu tadbir yurtimizda turli millat vakillariga yaratib berilgan keng imkoniyatlarni yana bir bor nayomon etdi.




