“Do‘stlik stelasi” poyiga gul qo‘yish marosimi o‘tkazildi
2026-03-30 06:55:00 / Yangiliklar

Joriy yilning 29 – 31-mart kunlari “Markaziy Osiyo davlatlari va Ozarbayjon Do‘stlik forumi” tadbirlari bo‘lib o‘tmoqda. Forumning dastlabki tadbiri Farg‘ona viloyatining O‘zbekiston tumanida joylashgan “Do‘stlik stelasi” poyiga gul qo‘yish marosimidan boshlandi. Unda, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, Ozarbayjon kabi davlatlardan tashrif buyurgan olimlar, ekspertlar hamda xorijiy hamkor tashkilotlarning vakillari, davlat va jamoat tashkilotlari, milliy madaniy markazlar, do‘stlik jamiyatlari rahbarlari, OAV vakillari ishtirok etdi.
Tadbir ishtirokchilari tomonidan yurtimizda xususan mintaqamizda hukm surayotgan tinchlik, barqarorlik va do‘stlik muhitiga hurmat ramzi sifati “Do‘stlik stelasi” poyiga gulchambar qo‘yildi.
Shundan so‘ng, “Do‘stlik stelasi” atrofida yangragan qardosh millatlarning dilbar kuy-qo‘shiqlari sadosida bayram tadbiri tantanali ravishda davom etdi. Sahna uzra yangragan har bir ohang turli xalqlarning boy madaniy merosi, o‘ziga xos an’ana va qadriyatlarini o‘zida mujassam etib, yig‘ilganlarga unutilmas taassurot ulashdi.
Ta’kidlash joizki, “Do‘stlik stelasi” 2025-yil 31-mart kuni Tojikiston Respublikasining Xo‘jand shahrida o‘tkazilgan oliy darajadagi tadbir doirasida O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston davlat rahbarlari tomonidan tantanali ravishda ochib berilgan. Mazkur voqea uch mamlakat oʻrtasidagi do‘stona munosabatlar va o‘zaro ishonchning yangi bosqichga ko‘tarilganining yorqin ifodasi sifatida e’tirof etiladi.
Ushbu “Doʻstlik stelasi” O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston xalqlari o‘rtasidagi azaliy do‘stlik va hamjihatlik timsoli hisoblanadi. Uning aynan O‘zbekiston tumanida bunyod etilgani bejiz emas. Ushbu hudud Qirg‘izistonning Botken tumani hamda Tojikistonning Isfara tumani bilan chegaradosh bo‘lib, qadimdan turli millat vakillarining o‘zaro yaqin aloqalari, qo‘shnichilik rishtalari va madaniy hamkorligi shakllangan maskan sifatida ham ahamiyatlidir.
“Markaziy Osiyo davlatlari va Ozarbayjon Do‘stlik forumi” doirasidagi tadbirlar mintaqa xalqlarini yanada yaqinlashtirish, o‘zaro anglashuvni mustahkamlash hamda umumiy taraqqiyot yo‘lida hamkorlikni kengaytirishga xizmat qilishi bilan muhim ahamiyat kasb etadi.




