“Birodar shaharlar – sun’iy intellekt”: raqamli hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi
2025-12-25 16:15:00 / Yangiliklar

Davra suhbatida davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, do‘stlik jamiyatlari faollari, oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari hamda talabalar ishtirok etdi. Asosiy e’tibor sun’iy intellekt texnologiyalarining bugungi kundagi ahamiyati, ularni ta’lim tizimiga joriy etish hamda raqamli yechimlardan birodar shaharlar o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirishda samarali foydalanish masalalariga qaratildi.
Tadbirda ta’kidlanganidek, sun’iy intellekt global miqyosda shaharlar rivojlanishining muhim omillaridan biriga aylanib bormoqda. Ayniqsa, ta’lim, ilm-fan, shahar boshqaruvi va jamoatchilik bilan ishlash sohalarida raqamli texnologiyalarni joriy etish birodar shaharlar o‘rtasidagi aloqalarni yangi bosqichga olib chiqishi mumkin.
Ishtirokchilar sun’iy intellekt asosidagi platformalar orqali talabalar va yosh mutaxassislar o‘rtasida bilim almashuvini yo‘lga qo‘yish, qo‘shma onlayn loyihalar va ta’lim dasturlarini ishlab chiqish bo‘yicha fikr almashdilar. Shuningdek, Germaniya va boshqa xorijiy shaharlar tajribasini o‘rganish, ilg‘or raqamli yechimlarni mahalliy sharoitga moslashtirish masalalari muhokama qilindi.
Davra suhbatida so‘zga chiqqan mutaxassislar sun’iy intellektdan foydalanishda etik me’yorlar, ma’lumotlar xavfsizligi va inson omilining ustuvorligini ta’minlash muhimligini alohida qayd etdilar. Ularning fikricha, raqamli texnologiyalar millatlararo totuvlik va madaniyatlararo muloqotni mustahkamlashga xizmat qilishi lozim.
Tadbir yakunida birodar shaharlar doirasida sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalar bo‘yicha qo‘shma tashabbuslarni ilgari surish, oliy ta’lim muassasalari va jamoat tashkilotlari o‘rtasida hamkorlikni kengaytirish yuzasidan takliflar bildirildi. Davra suhbati ishtirokchilari bunday muloqotlar kelgusida amaliy loyihalarga zamin yaratishini ta’kidladilar.



