“Birodar shaharlar xalqaro forumi – 2026”: tayyorgarlik ishlari onlayn yig‘ilishdan boshlandi
2025-12-22 09:10:00 / Yangiliklar

Yig‘ilishda forumni yuqori saviyada tashkil etish, xorijiy delegatsiyalarni qabul qilish, rasmiy va amaliy tadbirlar dasturini shakllantirish, shuningdek, madaniy-ma’rifiy tadbirlarni tashkil etish bilan bog‘liq masalalar batafsil muhokama qilindi. Mutasaddilar tomonidan tayyorgarlik jarayonlarini bosqichma-bosqich amalga oshirish, aniq yo‘l xaritasini ishlab chiqish hamda keyingi uchrashuvlar jadvalini tasdiqlash bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Ta’kidlanganidek, “Birodar shaharlar xalqaro forumi” shaharlararo hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, hududlar darajasida iqtisodiy, savdo, investitsiyaviy va gumanitar aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan muhim xalqaro maydon bo‘lib xizmat qiladi. Forum doirasida shaharlar o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni kengaytirish, amaliy tashabbuslar va qo‘shma loyihalarni ilgari surish rejalashtirilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, forum dasturidan plenar yig‘ilishlar va mavzuli seksiyalar, B2B (biznes-biznes) va B2G (biznes-hukumat) uchrashuvlar, shuningdek, hamkorlik shartnomalari hamda birodarlik bitimlarini imzolash marosimlari o‘rin oladi. Bundan tashqari, shaharlarning investitsiyaviy, turistik va infratuzilma salohiyatini namoyish etuvchi maxsus ko‘rgazma tashkil etilishi ham rejalashtirilgan.
Ishchi guruh a’zolari forum orqali investorlar va biznes vakillari uchun yangi imkoniyatlar yaratish, xalqaro tajriba almashuv asosida mahalliy shaharlarning boshqaruv salohiyatini oshirish muhimligini qayd etdilar. Shuningdek, forum O‘zbekistonning ijobiy xalqaro imijini mustahkamlash, uning ijtimoiy-gumanitar hamda savdo-iqtisodiy salohiyatini shaharlar darajasida keng targ‘ib qilishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Onlayn yig‘ilish yakunida tayyorgarlik ishlarini uzviy davom ettirish, mas’ul tashkilotlar o‘rtasida doimiy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va forumni mazmunan boy, amaliy natijalarga yo‘naltirilgan tarzda o‘tkazish bo‘yicha umumiy kelishuvga erishildi.


