Toshkentda “Yoshlar birdamligi – Vatan kuch-qudrati” mavzusida muloqot bo‘lib o‘tdi
2025-12-19 14:45:00 / Yangiliklar

Muloqotning asosiy maqsadi yoshlarning jamiyatdagi faolligini oshirish, millatlararo totuvlikni mustahkamlash va davlat siyosatini amalga oshirishda yoshlar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashdan iborat bo‘ldi. Unda Yoshlar parlamenti a’zolari, “Birodar shaharlar alyansi”, do‘stlik jamiyatlari, milliy madaniy markazlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillaridan iborat 60 nafarga yaqin ishtirokchi qatnashdi.
Tadbir boshida O‘zbekistonda yoshlar siyosatiga bag‘ishlangan videorolik namoyish etildi. Shundan so‘ng Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mita raisi K. Sariyev kirish so‘zi bilan chiqib, yoshlar mamlakat taraqqiyotining strategik kuchi ekanini ta’kidladi.
— Bugungi globallashuv sharoitida yoshlarning birdamligi, millatlararo totuvlik va bag‘rikenglik tamoyillariga sodiqligi Vatanimiz barqarorligining muhim omilidir, — dedi u.
Yoshlar parlamenti raisi O. Sobitov “Yoshlar parlamenti mamlakatda yoshlarning ovozi bo‘lib xizmat qiladi” mavzusida ma’ruza qilib, parlament faoliyatida yoshlarning qonunchilik tashabbuslari va jamoatchilik nazoratidagi o‘rni haqida to‘xtaldi.
Shuningdek, Respublika turkman va qozoq milliy madaniy markazlari rahbarlari yoshlarning millatlararo totuvlikni mustahkamlashdagi roli yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar. Tadbir doirasida Qo‘mita va Yoshlar parlamenti o‘rtasida hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan Memorandum imzolandi.
Muloqot davomida Yoshlar parlamenti a’zolari tomonidan bildirilgan takliflar, savol-javoblar va muhokamalar yoshlarning davlat boshqaruvidagi ishtirokini kengaytirishga qaratildi.
Tadbirning badiiy qismida esa ishtirokchilar Qo‘mita pavilyonida turli millat va elat vakillarining ko‘rgazmali chiqishlari bilan tanishdilar. Tadbir yoshlar o‘rtasida do‘stlik, hamjihatlik va vatanparvarlik ruhini mustahkamlashga xizmat qilgan muhim muloqot maydoni sifatida baholandi.









