“Saodat” jurnali 100 yillik tarixini tantanali anjuman bilan nishonladi
2025-12-16 10:40:00 / Yangiliklar

Anjumanda so‘zga chiqqanlar “Saodat” jurnalining o‘zbek matbuoti tarixidagi alohida o‘rni, uning ayollar adabiyoti va tafakkurini shakllantirishdagi beqiyos hissasini alohida e’tirof etdilar. Ta’kidlanganidek, jurnal bir asr davomida nafaqat axborot manbai, balki ayollar uchun ma’naviy minbar, sog‘lom fikr va ma’rifat targ‘ibotchisi bo‘lib kelmoqda.
Ma’ruzalar va chiqishlarda jurnal turli tarixiy davrlarda ham ayol sha’ni, oila qadri, ma’naviyat, adabiyot va san’at masalalarini ustuvor yo‘nalish sifatida saqlab qolgani qayd etildi. “Saodat” sahifalarida yetuk adiblar, taniqli shoiralar bilan bir qatorda yosh ijodkorlarning asarlari chop etilib, ko‘plab iste’dodlarning kamol topishiga zamin yaratilgani ta’kidlandi.
Tadbir davomida jurnal bugungi kunda ham zamon bilan hamnafas holda rivojlanib borayotgani, ayollar ijtimoiy faolligi, intellektual salohiyati va ijodiy imkoniyatlarini keng yoritib kelayotgani alohida qayd etildi. Ishtirokchilar “Saodat” jurnali bugun ham jamiyatda ayol mavqeini mustahkamlash, ma’naviy qadriyatlarni targ‘ib etishda muhim rol o‘ynayotganini ta’kidlashdi.
Anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mitasi bo‘lim boshlig‘i S. Davlatova ham ishtirok etib, jurnalning jamiyatda bag‘rikenglik, ma’naviy uyg‘unlik va madaniy qadriyatlarni mustahkamlashdagi ahamiyatiga to‘xtaldi.
Yakunda “Saodat” jurnalining kelgusidagi istiqbollari, raqamli platformalarda faoliyatini kengaytirish, yosh ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash va ayollar masalalarini yoritishda zamonaviy yondashuvlarni joriy etish borasidagi vazifalar muhokama qilindi.




