BAAda vatandoshlar mintaqaviy forumi o‘tkazildi
2025-12-15 13:15:00 / Yangiliklar

Forumda Birlashgan Arab Amirliklari, Saudiya Arabistoni, Qatar, Iordaniya, Quvayt va Ummon davlatlarida yashab, turli sohalarda faoliyat yuritayotgan vatandoshlar, o‘zbek jamiyatlari vakillari hamda xorijda tahsil olayotgan yoshlar ishtirok etdi. Tadbir davomida xorijdagi vatandoshlarning mamlakat hayotidagi o‘rni, ularning salohiyatidan samarali foydalanish masalalari muhokama qilindi.
Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mitasi raisi Q. Sariyev so‘zga chiqib, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan xorijdagi vatandoshlarni qo‘llab-quvvatlash va himoya qilish borasida amalga oshirilayotgan yangi yondashuvlar haqida atroflicha ma’lumot berdi. Ta’kidlanganidek, bugungi islohotlar vatandoshlar bilan faqat aloqani emas, balki hamkorlikni kuchaytirishga qaratilgan.
Shuningdek, forumda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar, yaratilayotgan yangi imkoniyatlar, investitsiya muhiti va biznes yuritish uchun qulay shart-sharoitlar xususida so‘z yuritildi. Xorijdagi vatandoshlarning bilim va tajribasini iqtisodiyot, ilm-fan, ta’lim hamda innovatsion sohalarga jalb etish muhimligi alohida qayd etildi.
Forum doirasida xorijda o‘zbek tili va madaniyatini asrash, ilm-fan va innovatsiyalarni joriy etishda vatandoshlar ishtirokini kengaytirish, shuningdek, iqtisodiy aloqalar, tadbirkorlik va investitsiyalarni rivojlantirish masalalari yuzasidan fikr almashildi. Vatandoshlar tomonidan Yangi O‘zbekiston taraqqiyotiga daxldor bo‘lgan qator ilg‘or taklif va tashabbuslar bildirildi.
Ta’kidlanishicha, vatandoshlar mintaqaviy forumlari xorijdagi o‘zbekistonliklar bilan ochiq, amaliy va uzluksiz muloqotni yo‘lga qo‘yishda samarali mexanizmga aylanmoqda. Joriy yil davomida Yevropa Ittifoqi, AQSH, Kanada hamda MDH davlatlarida o‘tkazilgan shunday forumlar doirasida vatandoshlar tomonidan 200 dan ortiq taklif va tashabbuslar ilgari surilgan.
Forum yakunida xorijdagi vatandoshlar bilan hamkorlikni yanada chuqurlashtirish, ularning salohiyatini mamlakat taraqqiyotiga yo‘naltirish bo‘yicha muloqotlarni izchil davom ettirish zarurligi qayd etildi.


